Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

ZO‘RAVONLIKKA CHIDAMAGAN KELIN

ZO‘RAVONLIKKA CHIDAMAGAN KELIN

Oilaviy zo‘ravonlik – o‘z ko‘lamiga ko‘ra global muammo. U turmush darajasidan qat’i nazar, dunyoning barcha mamlakatlarida kuzatiladi.
Odatda maishiy zo‘ravonlikka ko‘pincha bir oila muammosi sifatida qaralgan. Xalqimiz bunday muammolarni uydan tashqariga olib chiqmaslikka harakat qilishadi. Aksariyat holatlarda zo‘ravonlik qo‘rboni xotin-qizlar bo‘ladi.
O‘zbekiston Respblikasi Prezidenti SH.Mirziyoyevning tashabbuslari va g‘oyalari asosida O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabrdagi “Xotin qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi 561-sonli Qonuni qabul qilinishi bugungi kunda xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta’lim muassasalarida va boshqa joylarda tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Har bir xotin-qiz zo‘ravonliksiz hayotda xavfsiz va farovon yashashga haqli. Uning bu huquqlarini poymol qilish, tazyiq o‘tkazish qonun bilan himoyalangan.
Lekin, shunday bo‘lsada, oiladagi zo‘ravonliklar sababli ayollar jabr ko‘rib qolmoqda.
Jizzax viloyati, Zarbdor tumani, Adirobod mahallasida yashovchi Muxtor (ismlar o‘zgartirilgan) Jizzax shahrida ishlab yurgan vaqtlarida Shaxnoza bilan tanishib qoladi, yoshlar bir-biriga qo‘ngil qo‘yib, yaxshi niyatlar bilan 2021 yil mart oyida turmush qurishadi, boshida hammasi yaxshi edi, lekin Muxtor o‘zgarib, doimiy ravishda janjal chiqarib, Shaxnozani turli xil so‘zlar bilan haqorat qilib, uning yuz va tanasining turli joylariga tan jarohati yetkazib, uning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitib kelgan, Muxtor shu darajaga kelganki, Shaxnozaga oziq-ovqat bermasdan och qoldirib, turli xil so‘zlar bilan haqorat qilib, sha’ni va qad-qimmatini mutassil ravishda kamsitib kelgan.
Navbatdagi janjaldan keyin Shaxnoza onasining uyiga ketib qoladi. Muxtor qaynonasining uyiga Shaxnozani olib kelish maqsadida borib, bu yerda ham o‘zaro kelishmay qolib, Shaxnozani onasining qo‘z o‘ngida, Shaxnozaning xomiladorligi ham ko‘ziga ko‘rinmay, turli xil so‘zlar bilan haqorat qilib, uning yuz va tanasining boshqa sohalariga qo‘li bilan urib, tan jarohati yetkazib, uning sha’ni va qadr qimmatini qasddan kamsitgan.
Shunday bo‘lsa-da, Shahnozaning opasi Zilola singlisining oilasi buzilib ketmasin degan maqsadda, 2021 yil 30 iyun kuni singlisini kuyovining xonadoniga olib boradi, buni ko‘rgan Muxtor Shahnozani opasi Zilolaning oldida qasddan tahqirlab, onasi va opasidan tiz cho‘kib, kechirim so‘rashga majbur qiladi. Shaxnoza qaynonasidan tiz cho‘kib uzr so‘raydi. So‘ng esa erining buyrug‘i bilan qaynopasidan ham kechirim so‘rab, tavba-tazarru qiladi. Ho‘ngrab yig‘lab yuborgisi kelsa-da, o‘zini zo‘rg‘a qo‘lga olib, opasi bilan ichkariga – o‘z xonasiga kirib, “Opa, men siz bilan ketaman, bular meni urib o‘ldirib qo‘yishadi. Qarang, men bulardan boshqacha munosabat kutgandim. Ularning niyati boshqacha, meni aldashyapti, qo‘rqayapman”, deydi. Opa bechora singlisining oilasi buzilib ketmasligini o‘ylab, unga nasihat qilib, uni kuyovinikiga tashlab ortga qaytadi.
Opasi ketgach, qanday voqealar sodir bo‘ldi, bu Shahnoza va yolg‘iz Allohga ayon. Bilmadik, bilganimiz shuki, o‘sha kun Shahnoza uchun eng dahshatli, eng og‘iri bo‘lgani aniq. Shahnoza oilasidagi zo‘ravonliklarga, sha’ni va qadr-qimmatini mutassil ravishda kamsitilishlarga chidayolmasdan, 2021 yil 1 iyul kuni soat 13:30 larda yashash hovlisida joylashgan molxonada bo‘yin qismidan osib, o‘z joniga qasd qilgan.
Ushbu ish jinoyat ishlari bo‘yicha Zarbdor tuman sudi tomonidan mazmunan ko‘rib chiqilib, Muxtor O‘zbekiston Respublikasi JKning 103-moddasi 2-qismi “a,b” bandlarida nazarda tutilgan, ya’ni o‘ziga qaram bo‘lgan va hech qayerda ishlamaydigan turmush o‘rtog‘iga nisbatan muttasil ravishda rahmsiz muomalada bo‘lib, uni o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetkazganlikda ifodalangan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Muxtor o‘zi sevib uylangan turmush o‘rtog‘i bu dunyoni erta tark etgandan keyin qilgan xatolarini tushunib yetdi, lekin juda kech.

Shohrux MIRZAAXMEDOV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarbdor tuman sudining raisi

Kiritildi: 20:29 11.08.2022. O'qildi: 6362 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!