Albaniya Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva hamda Albaniya Respublikasi Birinchi xonimi Armanda Begayning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining rafiqalari O‘zbekiston va Albaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Madaniy dastur davomida oliy martabali mehmon o‘zbek amaliy san’ati ustalarining ijod namunalari, jumladan, yog‘och o‘ymakorligi, qadimiy so‘zana kashtachiligi texnikasi hamda an’anaviy kulolchilik buyumlari bilan tanishdi.
Dasturning yorqin lahzalaridan biri an’anaviy o‘zbek liboslari namoyishi, shuningdek, mamlakatimizning turli hududlariga xos jihatlarni aks ettirgan «Kelin salom» marosimi taqdimoti bo‘ldi. Oliy martabali mehmon o‘zbek xalqining milliy an’ana va urf-odatlariga samimiy qiziqish bildirib, ularning chuqur tarixiy ildizlari, go‘zalligi va betakrorligini alohida ta’kidladi.