Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat AQSh tomonidan va’da qilingan 16 milliard dollarlik moliyaviy yordamni haligacha olmaganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, avval erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan qarorlarga qaramay, ushbu mablag‘lar ajratilmagan.
Zelenskiy TSN telekanaliga bergan intervyusida Amerika tomonidan ajratilishi kerak bo‘lgan 16 milliard dollarlik moliyaviy to‘lov to‘xtatilganini, yana shuncha miqdordagi mablag‘ esa umuman taqdim etilmaganini aytdi.
Ukraina prezidenti ushbu mablag‘larni olish uchun Kiyev jiddiy sa’y-harakatlarni amalga oshirishiga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi.
Rossiya zarbalari Ukraina energetika tizimiga jiddiy zarar yetkazgan
Intervyu davomida Zelenskiy Rossiyaning Ukraina elektr stansiyalariga bergan zarbalari og‘ir oqibatlarga olib kelganini ham tan oldi. Uning aytishicha, mamlakatdagi barcha elektr stansiyalari hujumlar natijasida turli darajada zarar ko‘rgan.
Zelenskiy energetika infratuzilmasiga qilingan hujumlar Kiyev uchun asosiy muammolardan biriga aylanganini bildirib, Ukraina ittifoqchilarini elektr tarmog‘ini tezroq tiklash uchun zarur uskunalar bilan ta’minlashga chaqirdi.