Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning energetika ob’ektlariga bergan zarbalaridan so‘ng mamlakat javob choralari ko‘rishi lozimligini bildirdi. Bu haqda u jurnalistlar bilan bo‘lgan brifingda aytib o‘tdi.
«Hujumlardan keyingi vazifamiz — dushmanga javob berish. Biz, avvalo, o‘zimizni himoya qilishimiz kerak», — dedi Zelenskiy.
Prezidentning ta’kidlashicha, Rossiya hozir qo‘shinlarini to‘plab, yog‘ingarchilik va tumanli havoni kutmoqda, chunki bunday sharoitlar Ukraina havo himoyasi, ayniqsa aviasiyasi uchun qiyinchilik tug‘diradi.
«Ular nima qilayotganini yaxshi bilishadi. Biz ham nima qilish kerakligini bilamiz», — dedi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada 203 ta asosiy ob’ekt mavjud bo‘lib, ularni Rossiya zarbalaridan havo himoya tizimlari bilan muhofaza qilish zarur.
Zelenskiy, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lgan oxirgi uchrashuvida “Tomahawk”, HIMARS va ATACMS raketalarini Ukrainaga yetkazib berish masalasi muhokama qilinganini aytdi.
«Biz Nyu-Yorkdagi uchrashuvda nafaqat Tomahawk haqida, balki HIMARS va ATACMS haqida ham gaplashdik. Agar bizda 40–60 ta ATACMS bo‘lsa ham, bu yetarli emas», — dedi u.
Prezidentning ta’kidlashicha, Ukraina hozir 140–150 ta mahalliy drondan foydalanmoqda va 300–350 tagacha yig‘ish imkoniyatiga ega.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, juma kuni kechqurun Rossiya tomonidan 500 ga yaqin dron va 32 ta raketa (ularning ko‘p qismi ballistik) ishlatilgan.
«Bunga yagona javob — ko‘proq kuch, ko‘proq himoya. Rossiyaga bosimni kuchaytirish, har bir qilmishi uchun javobgarlikka tortish va sanksiyalarni oshirish kerak», — dedi Ukraina rahbari.
U shunday ham qo‘shimcha qildi:
«Rossiya aktivlaridan, birinchi navbatda, mudofaamizni mustahkamlash va tiklanishimiz uchun to‘liq foydalanish kerak.»
Zelenskiy Yevropa yetakchilari bilan ham moliyaviy yordam va mudofaa masalalarini muhokama qilganini ma’lum qildi.
«Bugun men Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb bilan suhbatlashdim. Biz hayotni himoya qilishga yordam beradigan keyingi qadamlarimiz haqida gaplashdik», — dedi u.
Prezident, shuningdek, Evropa Markaziy banki rahbari Kristin Lagard bilan Ukraina energetika sohasi uchun moliyaviy yordam imkoniyatlarini muhokama qilgan.
Shu bilan birga, Zelenskiy Buyuk Britaniya bosh vaziri Key Starmer bilan uchrashib, Britaniyaning PURL dasturida ishtirokini muhokama qilganini qayd etdi. Bu dastur Ukrainaga Amerika qurollarini, jumladan Patriot raketalarini sotib olish imkonini beradi.
Prezident, shuningdek, Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan bog‘lanib, Rossiya zarbalari oqibatlari haqida ma’lumot berganini va Ukrainadagi havo himoya tizimlari uchun minnatdorlik bildirganini aytdi.
«Bizga so‘z bilan emas, amalda yordam bergan hamkorlarimizga minnatdorman», — dedi u.
Zelenskiy Ukraina va Niderlandiya o‘rtasida dronlarni birgalikda ishlab chiqarish haqidagi memorandum imzolanganini ham ma’lum qildi.
«Bu ikki tomonlama hamkorlikning muhim va istiqbolli yo‘nalishi. Niderlandiya hukumati va xalqiga Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorman. Mojaro boshlangandan beri bu yordam 9 milliard dollarni tashkil etdi», — dedi u.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, Niderlandiya PURL tashabbusiga taxminan 600 million dollar hissa qo‘shgan.
«Niderlandiya mudofaa vaziri Ruben Brekelmans bilan dron ishlab chiqarish va ushbu tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazdik. Xalqimizni qo‘llab-quvvatlayotganingiz uchun minnatdorman», — deya yakunladi Zelenskiy.