Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Oliy Radaga (parlament) harbiy holat va umumiy safarbarlik muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi farmonlarni tasdiqlovchi qonun loyihalarini taqdim etdi. Bu haqda Ukraina OAVlari parlament saytidagi ma’lumotlarga tayanib xabar berdi.
Qonun loyihalariga ko‘ra, mamlakatdagi harbiy holat va umumiy safarbarlik yana 90 kunga uzaytirilishi ko‘zda tutilgan.
Prezident farmonlari matnida Ukrainada harbiy holatni 2025 yil 5 noyabr soat 5:30 dan boshlab 90 kunga, umumiy safarbarlik muddatini esa 5 noyabrdan boshlab 90 kunlik muddatga uzaytirish taklif etilgan.
Hujjatlarda qayd etilishicha, mazkur farmonlar ularni tasdiqlovchi qonun kuchga kirishi bilan bir vaqtning o‘zida amalga kiritiladi.