Niderlandiyaning Middelburg shahrida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va mamlakat qiroli Villem-Aleksandr o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Zelenskiy Niderlandiya rahbariyatiga Ukraina va uning xalqiga ko‘rsatilayotgan doimiy qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, muzokaralarda Ukrainadagi so‘nggi yirik hujumlar oqibatlari muhokama qilindi. Odessa, Kiyev va Dneprda qurbonlar borligi, turli hududlarda ko‘plab insonlar jabrlangani qayd etildi.
Tashrif doirasida Zelenskiy Niderlandiya bosh vaziri Rob Yetten bilan ham uchrashdi. Asosiy e’tibor xavfsizlik va mudofaa masalalariga qaratildi.
Ukraina Niderlandiyaga maxsus hamkorlik dasturi — Dron kelishuvini taklif qildi. Ushbu tashabbus dronlar, havo himoyasi, raketa va dronlarga qarshi tizimlar, radioelektron kurash hamda qurol-yarog‘ni qo‘shma ishlab chiqarishni qamrab oladi.
Tomonlar mazkur dastur va Niderlandiya bilan ilk qo‘shma qurol ishlab chiqarish loyihasini boshlash bo‘yicha hujjatlarni imzoladi.