Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy G7 sammiti doirasidagi uchrashuvlarda mamlakatning havo hujumidan mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirish masalasi asosiy mavzulardan biri bo‘lganini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp bilan o‘tgan qisqa muloqotda ballistik raketalarga qarshi tizimlar va ular uchun raketalar ishlab chiqarish lisenziyalarini olish masalasi muhokama qilingan.
«Biz bu masalani Prezident Tramp bilan muhokama qildik. Jamoalarimiz bu yo‘nalishda ish olib bormoqda. Umid qilamizki, bu safar ballistik raketalarga qarshi tizimlar va raketalarni ishlab chiqarish uchun tegishli lisenziyalarni qo‘lga kiritamiz», — dedi Zelenskiy.
Shuningdek, Ukraina rahbari sammit ishtirokchilari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda qo‘shimcha havo mudofaa tizimlariga ehtiyoj haqida ham fikr almashilganini bildirdi.
«Havo mudofaasi masalasini hamma tan olmoqda va barcha mamlakatlar Ukraina mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha yordam ko‘rsatmoqda. Tizimlar va raketalar bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda», — dedi u.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, G7 davlatlari rahbarlari Rossiyaning urushda g‘alaba qozonayotgani haqidagi qarashni qo‘llab-quvvatlamaydi.
«Rossiya g‘alaba qozonayotmaganini hamma tushunishi juda muhim. Endi asosiy vazifa — urushni yakunlash uchun birgalikda harakat qilishdir», — dedi Ukraina prezidenti.