Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tafsilotlarni shaxsan nazorat qilayotganini ta’kidladi.
Ukraina Oliy Radasining sobiq spikeri Andriy Parubiyning qotilligida gumonlangan shaxs 30 avgust kuni Lvivda sodir etilgan jinoyatdan 36 soat o‘tib, Xmelniskiy oblastida qo‘lga olingan. Bu haqda prezident Volodimir Zelenskiy hamda Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko va SBU rahbari Vasiliy Malyuk ma’lum qildi.
Zelenskiyning aytishicha, tergov jarayoni hozircha davom etmoqda, biroq jamoatchilikka bor ma’lumotlar taqdim etilishi lozim. U qotillikka oid barcha holatlar aniqlashtirilishi shartligini ta’kidladi. Davlat rahbari bu ishni shaxsan nazorat qilib borayotganini bildirdi.
IIV rahbari Klimenko hodisa oldindan puxta rejalashtirilganini ma’lum qildi. Gumonlanuvchi Parubiyning harakatlarini kuzatib, marshrut tuzgan va qochish rejasini ishlab chiqqan. Polisiya va SBU xodimlari 24 soat ichida qotil iziga tushgan va yana 12 soatdan so‘ng uni qo‘lga olgan.
SBU rahbari Malyuk qo‘lga olish amaliyotiga SBU, Milliy polisiya va Bosh prokuratura xodimlari jalb qilinganini bildirdi. Prezident bu ish bo‘yicha barcha manbalardan hisobot olib bormoqda.
Keyinroq Zelenskiy Bosh prokuror Ruslan Kravchenkodan gumonlanuvchining dastlabki ko‘rsatmalari haqida hisobot olganini ma’lum qildi.