Yahudiylarning yangi yili munosabati bilan yuzlab radikallar bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi majmuasiga polisiya himoyasida kirib, u yerda diniy marosimlar o‘tkazishdi.
Quddus islomiy vaqflari boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, polisiya qo‘riqlovidagi 328 nafar ekstremist masjid hovlisiga bostirib kirgan.
Al-Aqso masjidi 1994 yildagi Isroil–Iordaniya tinchlik shartnomasiga muvofiq, rasman Iordaniyaning Vaqf, Islom ishlari va muqaddas joylar vazirligiga qarashli Quddus islomiy avqof boshqarmasi himoyasida hisoblanadi.
Biroq 2003 yildan beri isroilliklar polisiya qo‘llab-quvvatlovida ma’muriyat ruxsatisiz masjid majmuasiga kirib kelmoqda. Islom vaqflari boshqarmasi bu harakatlarni bosqinchilik va musulmonlar suverenitetini buzish sifatida baholamoqda.
Shuningdek, Isroillik arxeologik guruhlar masjid majmuasi ostida qazish ishlarini olib borib, bu yerda qadimiy “Sulaymon ibodatxonasi” qoldiqlari mavjudligini da’vo qilmoqda.