AQSh prezidenti Donald Tramp Afg‘onistondagi Bagram harbiy bazasini qaytarib olish zarurligini aytgach, «Tolibon» harakati rahbariyati bu masala yuzasidan favqulodda yig‘ilish chaqirishga qaror qildi.
Al Arabiya tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, «Tolibon» yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda boshchiligidagi yig‘ilish yaqin kunlarda Kandahor shahrida o‘tkaziladi. Unda mudofaa vaziri Yoqub Mujohid, tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy hamda razvedka rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ular bir necha yopiq uchrashuvlarda Tramp talabini rad etish bo‘yicha kelishib olgan.
Tramp bu haqdagi talabini Buyuk Britaniyaga safari chog‘ida jurnalistlarga ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, AQSh Bagram ustidan nazoratni qaytarib olish bo‘yicha «Tolibon»bilan muzokaralar olib bormoqda. Shuningdek, Afg‘oniston rozilik bermasa, «yomon oqibatlar» bo‘lishidan ogohlantirgan.
Biroq «Tolibon» 21 sentyabr kuni rasmiy bayonot chiqarib, Trampning talabini qat’iyan rad etdi. Harakat Afg‘onistonning suvereniteti va mustaqilligi ustuvor ekanini eslatib, AQShni Doxa kelishuvi shartlariga rioya etishga chaqirdi. Harakat matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Al Arabiya’ga bergan intervyusida: «Biz o‘z yurtimizning bir qarichini ham hech kimga bermaymiz», — deya qat’iy bayonot berdi.
Bagram bazasi Kobulning shimolida joylashgan bo‘lib, AQShning Afg‘onistondagi eng yirik harbiy inshooti hisoblanadi. U yerdan amerikalik harbiylar 2021 yil iyul oyida, «Tolibon» hokimiyatga qaytishiga bir necha hafta qolganida chiqib ketgan edi.