O‘zbekiston TIV Krasnoyarskdagi holat bo‘yicha xabar berdi. Xabarga ko‘ra, Krasnoyarsk o‘lkasining Yemelyanovo tumaniga qarashli «Korona» banket zalida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan xorijiy fuqarolarning Rossiya Federasiyasi migrasiya qonunchiligini buzish holatlarini aniqlash, shuningdek, narkotik moddalar noqonuniy aylanmasiga qarshi reyd o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida O‘zbekiston Respublikasining 8 nafar fuqarosi RFda bo‘lish qoidalarini buzganligi aniqlangan. Ulardan 4 nafariga nisbatan ma’muriy jarima va ma’muriy chiqarib yuborish choralari qo‘llangan, qolgan 4 nafari esa Krasnoyarsk o‘lkasidagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan.
Novosibirsk shahridagi O‘zbekiston Respublikasining Bosh konsulxonasi ushbu fuqarolarga zaruriy huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘rayotgani aytilgan.
TIV ushbu binoda o‘zbek estradasi xonandalaridan biri tegishli idoralar bilan kelishmagan holda konsert o‘tkazgani va aynan shu holat mazkur voqeaga sabab bo‘lganini aytmoqda.
Bosh konsulxona o‘z fikrini ham bildirib o‘tibdi, unga ko‘ra, Krasnoyarsk o‘lkasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan bunday reydlar huquqiy asosga ega bo‘lishi va madaniy hordiq chiqarishga to‘sqinlik qilmasligi lozim.