1.Farg‘ona viloyatidagi tumanlardan birining gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda, 10 ta xonadonni yuqori bosimli tabiiy gaz tarmog‘iga ulab berish evaziga har bir xonadondan 1000 AQSh dollaridan jami 10 000 AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini o‘zining tanishi orqali olgan vaqtida ushlandi.
Ta’kidlash lozimki, tuman gaz ta’minoti bo‘limi rahbari muqaddam sudlangan bo‘lsada o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
2.Boshqa holatda esa Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining bosh mutaxassisi xizmat mavqeidan foydalangan holda, Quva tumanida joylashgan 4 sotix yer maydonida qurilishi tugallanmagan bino-inshootlarning hujjatlarini kadastr, arxitektura kabi mutasaddi tashkilotlarda ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 5000 AQSh dollari talab qilgan.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh mutaxassis oldindan 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.