"Barselona" sport direktori Deku klubning yozgi transfer kampaniyasi ustida faol ishlamoqda. "Ko‘k-anorranglilar" murakkab moliyaviy ahvoli tufayli xaridlardan ko‘ra ko‘proq savdoga e’tibor qaratmoqchi. Bu haqda Sport.es xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Kataloniya klubi birinchi navbatda darvozabon Inyaki Penya, himoyachilar Ronald Arauxo va Ektor Fort, yarim himoyachilar Fermin Lopes, Gavi, Pablo Torre, shuningdek, shartnomani uzaytirmagan taqdirda Frenki de Yong bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqadi. Bundan tashqari, "Barselona" hujumchilar Pau Viktor va Ansu Fati bilan xayrlashishi mumkin.
"Ko‘k-anorranglilar" boshqa o‘yinchilar bo‘yicha ham takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor, ammo ular bozor narxidan yuqori bo‘lishi kerak. Jamoaning yagona daxlsiz futbolchisi Lamin Yamal hisoblanadi.