«Global iqlim muammolari va Markaziy Osiyo – umumiy farovonlik yo‘lida birlashish» mavzusidagi Samarqand iqlim forumi doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, Ozarbayjon va Vengriya yosh faollarini Markaziy Osiyo davlatlari va turkiy dunyo vazirlari hamda atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari rahbarlarini birlashtirgan yoshlar sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tashabbusi bilan tashkil etilgan «Yoshlar: kelajakka optimizm bilan» deb nomlangan yuqori darajadagi muloqot COP-29 konferensiyasida qabul qilingan Barqaror rivojlanish madaniyatini targ‘ib qilish va iqlim masalalariga yoshlarni jalb qilish bo‘yicha xalqaro strategiyaning davomi bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova, Qozog‘iston ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev, Qirg‘iziston Respublikasi tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri Meder Mashiyev, Turkmaniston atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Charygeldi Babaniyazov, Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining iqlim masalalari bo‘yicha vakili, COP29 prezidenti Muxtor Babayev, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Regina Mariya Kastigio, «Zamin» xalqaro jamoat fondi vakillari, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya va Vengriyadan kelgan yosh ekologiya faollari ishtirok etdi.
Muloqot davomida ishtirokchilar Barqaror rivojlanishga ko‘maklashish va yoshlarni iqlim jarayonlariga jalb qilish bo‘yicha xalqaro strategiyani amalga oshirish, jumladan, ekologiya tashkilotlarida barqaror platformalar yaratish masalalarini muhokama qildilar. Yosh ishtirokchilar yoshlar manfaatlarini inobatga olgan holda Milliy qat’iy hissalar (NDC 3.0) yangi avlodini rivojlantirish bo‘yicha takliflarini taqdim etdilar. Shuningdek, «Digital Green Start-up» tashabbusi – yoshlarning ekologik jihatdan barqaror tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan raqamli platforma taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida vazirlar iqlim masalalari bo‘yicha kun tartibida bolalar va yoshlarning muhim rolini ta’kidlab, tegishli ekologiya vazirliklari huzurida yoshlar maslahat kengashlarini tuzish, yoshlar o‘rtasida ekologik patrullarni tashkil etishga hamda ularning iqlim siyosatini shakllantirishda muntazam ishtirok etishini ta’minlashning boshqa mexanizmlarini joriy qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.