Manchester klubining bosh murabbiyi Xosep Gvardiola ham ijara muddati Husanovning kelajakdagi salohiyati uchun foydali ekanligini ta’kidlab, bu tajriba uning professional o‘sishiga yordam berishini aytgan.
Hozirda esa sekin-asta Abduqodir Husanovga qiziqish bildirgan jamoalarning nomi oydinlasha boshladi. Italiyaning lalazio.com sayti tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, A Seriyaning yetakchi klublari uni qo‘lga kiritish imkoniyatini o‘rganmoqda.
«A Seriyaning kuchli jamoalari transfer bozoridagi harakatlarini hech qachon to‘xtatmaydi. Ular navbatdagi transfer oynasiga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rishyapti. Ayrim klublar mavsumning qizg‘in pallasi bo‘lishiga qaramay, o‘z tarkibini kuchaytirish uchun yangi nomlarni belgilab qo‘ygan. Ular orasida «Manchester Siti»ning iqtidorli himoyachisi Abduqodir Husanov ham bor», — deb yozmoqda lalazio.com.
Manchesterliklar qishda Fransiyaning «Lans» klubidan 40 million yevroga sotib olgan bu futbolchi, Italiya klublari uchun katta qiziqish uyg‘otmoqda. Xususan, Turinning mashhur «Yuventus» klubi Abduqodirni o‘z safiga qo‘shib olishni maqsad qilgan.
Ispan nashri fichajes.net xabariga ko‘ra, «Manchester Siti» rahbariyati Abduqodir bilan xayrlashish variantini jiddiy o‘ylamoqda. «Yuventus» esa vaziyatdan unumli foydalanib, o‘zbek himoyachisini Italiyaga olib kelish uchun moliyaviy imkoniyatlarni ko‘rib chiqyapti.
Qiziq bir jihati shundaki, bu transfer ikki klub o‘rtasida futbolchi almashish orqali ham amalga oshishi mumkin. «Manchester Siti» ancha vaqtdan beri «Yuventus» himoyachisi Andrea Kambyazoni kuzatib kelmoqda va yozda ikki klub Husanov va Kambyazo almashinuvi borasida muzokara olib borishi kutilayapti.
Italiyalik ekspert M.Salvatorening ta’kidlashicha, agar kelishuv amalga oshsa, «Yuventus» futbolchi almashuvidan tashqari muayyan miqdorda pul ham ishlab olishi mumkin.