Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili dunyo bo‘ylab 8,3 million kishi tuberkulyozga chalingan, 1,2 million bemor esa vafot etgan. Bu global miqyosdagi eng yuqori o‘lim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi.
Sil davolanishi mumkin bo‘lgan kasallik bo‘lsa-da, ayrim davlatlarda moliyalashtirishning pastligi, tibbiy xizmatga kirish imkoniyatining cheklangani, profilaktika va nazorat ishlarining sustligi sababli muammo hali ham dolzarbligini yo‘qotmagan.
Kasallanish holatlarining 87 foizi atigi 30 ta davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Ular orasida Hindiston (25%), Indoneziya (10%), Filippin (6.8%), Xitoy (6.5%) va Pokiston (6.3%) yetakchi o‘rinlarni egallaydi.
Mana shu holatlar tufayli JSST davlatlar hukumatlarini silga qarshi kurash choralarini kuchaytirishga chaqirmoqda.