AQSh prezidenti Donald Tramp juma kuni uning ma’muriyati Ukrainaga Oq uyning Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha 28 banddan iborat rejasiga rozi bo‘lishi uchun kelasi payshanba kuni muddat belgilaganini tasdiqladi.
Tramp bu haqda Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
"Menda juda ko‘p muddatlar bor edi, lekin agar hamma narsa yaxshi bo‘lsa, muddatlar odatda uzaytiriladi. Ammo payshanba - bu oxiri", dedi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, agar Ukraina rad etsa, “qisqa vaqt ichida” yanada ko‘proq hududni yo‘qotadi.
Tramp, shuningdek, AQSh faqat bir narsadan manfaatdor ekanini ta’kidladi: “Biz qotillik to‘xtatilishini istaymiz”.
Rossiya Boltiqbo‘yi davlatlari va Yevropaning boshqa qismlariga kelajakda tahdid solishi mumkinligi haqidagi xavotirlarga javob berar ekan, Tramp "Rossiya to‘xtatiladi", dedi. "Ular boshqa urush qidirmayapti", deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp belgilagan muddat 27 noyabrga to‘g‘ri keladi, o‘shanda Qo‘shma Shtatlar Shukronalik kunini nishonlaydi.