Isroil o‘tgan hafta Knessetda birinchi o‘qishda ma’qullangan qonun loyihasi doirasida falastinlik mahbuslarni qatl etish uchun o‘ldiruvchi in’eksiyadan foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mahalliy OAV — 12-kanal xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, falastinlik mahbuslarga nisbatan o‘lim jazosini joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasining asosiy bandlari Isroil Milliy xavfsizlik kengashiga taqdim etilgan.
Manbalar qayd etishicha, agar qonun qabul qilinsa:
o‘lim jazosi ko‘pchilik ovoz bilan qo‘llaniladi;
mahkumlarga sudga shikoyat qilish huquqi berilamaydi;
jazo yengillashtirilmaydi va afv etish mumkin bo‘lmaydi;
hukm chiqarilgandan so‘ng 90 kun ichida o‘ldiruvchi in’eksiya orqali qatl etish amalga oshiriladi.
12-kanal ma’lumotida, ushbu chora “irqchilik asosida isroilliklarni o‘ldirgan” falastinliklarga tatbiq etilishi ta’kidlanadi.
Falastinlik mahbuslarga o‘lim jazosini joriy etishga oid qonun loyihasi 11 noyabr kuni birinchi o‘qishdan o‘tgan.
Ovoz berishdan keyin o‘ta o‘ngchi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir X ijtimoiy tarmog‘ida o‘z partiyasi — Otzma Yehudit “tarix yaratayotganini” ma’lum qildi.
“Biz va’da berdik va bajardik. Terrorchilar uchun o‘lim jazosi haqidagi qonun birinchi o‘qishdan o‘tdi”, — dedi u.
Ben-Gvir avval ham falastinliklar uchun qatl jazosini joriy etish zarurligini bir necha bor ta’kidlagan.
Qonun kuchga kirishi uchun Knessetda yana uchta o‘qishdan o‘tishi kerak.
Xalqaro va mahalliy inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, Isroil hozirda 10 000 dan ortiq falastinlikni, jumladan ayollar va bolalarni qamoqda ushlab turibdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning ko‘pchiligi:
qiynoqlarga,
ochlik va shifokorsiz qoldirishga,
shafqatsiz muomalaga duch kelmoqda.
Inson huquqlari haqidagi hisobotlarda aytilishicha, qamoqxonalardagi og‘ir sharoitlar allaqachon bir nechta mahbuslarning o‘limiga sabab bo‘lgan.