"28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga hujum boshladi. Shundan so‘ng Eron – AQSh harbiy bazalari joylashgan Fors ko‘rfazi davlatlari va Isroilga qarshi hujumga o‘tdi. “Hizbulloh”ning Isroilga zarbalari ortidan Livan ham tez orada mojaroga tortildi. Harbiy harakatlar kamida 15 ta davlat hududiga yoyildi. 1700 dan ortiq qurbonlarning eng katta qismi Eron va Livanda. Bundan tashqari, Isroil, AQSH, Iroq, BAA, Saudiya, Kuvayt va Bahraynda ham yo‘qotishlar bor", deya yozmoqda agentlik.
9 mart holatiga urushdan eng ko‘p jabr ko‘rgan Eronda kamida 1 230 kishi halok bo‘lgan. Jumladan urushning birinchi kuni Minob shahridagi boshlang‘ich maktabga raketa zarbasi berilishi oqibatida 175 nafar o‘quvchi qiz va maktab xodimlari halok bo‘lgandi. Umumiy qurbonlar soniga Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi harbiylari kiradimi-yo‘qmi, aniq emas.
Livan sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, Isroil zarbalari oqibatida kamida 486 kishi halok bo‘lgan. Bularning qanchasi tinch aholi yoki “Hizbulloh” harbiylari ekani ma’lum emas.
Isroil harbiylari bergan ma’lumotga ko‘ra, Janubiy Livanda ikki nafar askar halok bo‘lgan. Bu — o‘tgan hafta Hizbulloh Eronni qo‘llab-quvvatlab, Isroilga qayta hujum boshlaganidan keyin IDF orasidagi ilk talafotdir. Shuningdek, 11 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Jumladan 1 mart kuni Quddus yaqinidagi Beyt-Shemesh shahriga Eron raketasi tushishi oqibatida to‘qqiz kishi o‘lgan.
Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, Eron bilan bog‘liq operasiyalar davomida yetti nafar amerikalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan.
Iroq polisiyasi va sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, mamlakatda kamida 15 kishi halok bo‘lgan. Polisiya manbalari Reuters'ga ma’lum qilishicha, 5 mart kuni Eron qo‘llab-quvvatlaydigan qurolli guruhlar ittifoqi — “Iroqdagi Islomiy qarshilik” tarkibidagi bir qo‘mondon uning avtomobiliga berilgan aviazarba oqibatida o‘ldirilgan.
28 fevral kuni Eron raketasi Suriyadaning Suvayda shahridagi binoga kelib urilishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan.
Birlashgan Arab Amirliklari Erondan eng ko‘p dron va raketa hujumlariga uchragan Ko‘rfaz davlati bo‘ldi. BAA Mudofaa vazirligiga ko‘ra, mamlakatda Eron hujumlari oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan.
Saudiya Arabistoni rasmiylariga ko‘ra, Ar-Riyoddan janubdagi Al-Xarj shahrida turar joy hududiga snaryad tushishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. Bahraynda esa Eron tomonidan amalga oshirilgan ikki alohida hujumda ikki kishi halok bo‘lgan. So‘nggi zarba poytaxt Manamadagi turar joy binosiga berilgan, deb xabar qildi ichki ishlar vazirligi.
Kuvaytda Eron hujumlari oqibatida ikki kishi, jumladan bir bola halok bo‘lgan. Shuningdek, mamlakat armiyasi ikki nafar polisiyachi va ikki nafar harbiy xizmat vaqtida halok bo‘lganini bildirdi.
Ummonda esa Maskat qirg‘oqlari yaqinida suzib yurgan mahsulot tashuvchi tankerga snaryad kelib urilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan.