Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa: umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlik» mavzusida o‘tayotgan yuqori darajadagi uchrashuv ishtirokchilariga o‘z tabrigini yo‘lladi.
Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markaz hamraislariga yo‘llangan tabrikda, davlat rahbari «o‘z mamlakatlarining ravnaqiga, xalqaro hamkorlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan atoqli siyosatchilar va davlat arboblari, xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan iborat nufuzli tarkibni Toshkentda, bir davrada to‘plash borasidagi tashabbusi uchun» Nizomiy Ganjaviy nomidagi xalqaro markazga chuqur minnatdorlik bildirgan.
«Ushbu markaz, ulug‘ o‘zbek shoiri Alisher Navoiy «shoirlarning sultoni», deb ta’riflagan buyuk ozarbayjon mutafakkiri Nizomiy Ganjaviyning betakror ijodiy merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etishda muhim o‘rin tutib kelayotganini alohida qayd etmoqchiman.
Ta’kidlash kerakki, Nizomiy Ganjaviyning teran falsafasi, odam va olam o‘rtasidagi uyg‘unlik hamda adolat haqidagi o‘lmas g‘oyalari doimo dolzarb bo‘lib, bugungi murakkab sharoitda yanada katta ahamiyat kasb etmoqda», – deyiladi Prezident tabrigida.
Shuningdek, davlat rahbari Nizomiy Ganjaviy nomidagi markazning xalqaro kun tartibidagi masalalarni o‘rganishdagi faol ishtirokini alohida qayd etib, uning shafeligida har yili o‘tkazib kelinayotgan Global Boku forumi xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning eng dolzarb muammolarini hal etish uchun yangi g‘oyalar ilgari suriladigan, dunyo miqyosida tan olingan nufuzli muloqot maydonlaridan biriga aylandgani aytiladi.
«Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalalari, ushbu ikki yirik mintaqaning Yevropa bilan hamkorlik istiqbollari bugungi anjumanning bosh mavzusi etib belgilangani g‘oyat muhim, deb hisoblaymiz.
Biz buni o‘zaro hamjihatlik va hamkorlik jarayonlari jadallashib borayotgan Markaziy Osiyoni jahonga yanada kengroq tanishtirish, mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjonning salohiyat hamda imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish yuzasidan fikr almashish uchun noyob imkoniyat sifatida qabul qilamiz.
Ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda Ozarbayjon bilan o‘zaro ishonch va bir-birini qo‘llab-quvvatlash ruhidagi munosabatlarimiz faol rivojlanmoqda, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi, Davlatlararo oliy kengash faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, Ozarbayjon Markaziy Osiyo va Yevropani bog‘lashda strategik ko‘prik vazifasini bajarib kelayotganini ham alohida qayd etishni istar edim.
Bugungi forumda ko‘plab vakillari ishtirok etayotgan Yevropa bilan munosabatlarimiz o‘zining mutlaqo yangi rivojlanish davrini boshidan kechirayotganini qayd etmoqchiman.
Yaqinda biz yurtimizda ilk bor «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» sammitini o‘tkazdik. Unda mintaqamiz va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qilindi. Yaqin oylarda Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolaymiz.
Biz Yevropa Ittifoqi va boshqa sheriklarimiz bilan birgalikda samarali transport-logistika va energetika yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni davom ettiramiz. Ishonamizki, ushbu chora-tadbirlar mintaqamizning G‘arb va Sharq o‘rtasidagi xab sifatidagi rolini qayta tiklash imkonini beradi.
Biz Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevning yangi umummintaqaviy jarayonlarni rivojlantirishda ishtirok etishga tayyor ekanini yuqori baholaymiz hamda uning Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo hamkorligini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak qadrlaymiz.
Fursatdan foydalanib, do‘st Ozarbayjon xalqini ulkan tarixiy yutuq – yaqinda Vashingtonda AQSh vositachiligida Armaniston bilan uch tomonlama Qo‘shma deklarasiya imzolangani bilan yana bir bor chin dildan qutlaymiz», – deb yozadi Prezident Mirziyoyev.
O‘z navbatida, O‘zbekiston jadal islohotlarni qat’iy davom ettirayotgani, xorijiy hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan uzoq muddatli aloqalarni izchil mustahkamlayotgani, huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosati izchil davom ettirilayotgani ta’kidlanadi.
O‘zbekiston yetakchisi mazkur nufuzli uchrashuv ishtirokchilariga samarali muhokamalar va anjuman ishiga muvaffaqiyat tilash bilan birga, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi hozirgi murakkab davrda xalqaro hamjamiyatga bebaho boylik – barqarorlik, ishonch va taraqqiyotni taklif etayotganini qayd etadi.