Yaponiyaning Okinava prefekturasida joylashgan AQSh harbiylariga bir oylik komendant soati joriy etildi. Shuningdek, ularga spirtli ichimliklar iste’mol qilish taqiqlandi. Bunga dengiz piyodasi mahalliy ayolni o‘ldirganlik va talonchilikda gumon qilingani sabab bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, harbiylar intizomiy o‘quv mashg‘ulotlaridan o‘tkaziladi. 20 yoshli kichik kapral Devin Jeykob Ballard 3 oktyabr kuni janubiy prefekturaning poytaxti Naha shahridagi mehmonxonada 39 yoshli Anna Yagini o‘ldirganlikda hamda uning hamyoni va ryukzagini olib ketganlikda gumon qilinmoqda. Ballard ayblovlarni rad etgan.
Bu holat Tayvan va Xitoy yaqinidagi orollarda AQSh qo‘shinlarining ko‘pligi sababli xavotirlarni kuchaytirdi. Amerika rasmiylari bu Sharqiy Osiyo xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan aloqalarga putur yetkazishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
“Qo‘shnilarimiz bilan har bir muloqot jamoamiz uchun muhim bo‘lgan ishonchni yo‘qqa chiqaradi yoki mustahkamlaydi. Ishonchga putur yetganda, bu bizning ittifoqimiz kuchi va ushbu mintaqa xavfsizligiga ta’sir qiladi”, dedi general-leytenant Benjamin Uotson 6 oktyabr kuni e’lon qilingan bayonotida.
Uosonning qo‘shimcha qilishicha, qo‘shinlar standartlar va intizom bo‘yicha o‘qitilayotgan vaqtda Okinavadagi barcha AQSh harbiy amaliyotlari 48 soatga to‘xtatib turiladi.
Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi bu qotillikni “o‘ta shafqatsiz va qabih” deb baholadi. Uning aytishicha, Yaponiya AQShga qat’iy e’tiroz bildirgan va kelgusida bunday voqealarning oldini olish choralarini ko‘rishni talab qilgan.
Tokioda Okinava gubernatori Genta Koja bilan uchrashuvda Takaichi Yaponiya va AQSh bunday hodisalarning oldini olish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ustida maslahatlashishda davom etishini aytdi. Mazkur voqea Naha va Tokio shaharlarida norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi.
Yaponiyada AQSh Qurolli kuchlarining eng yirik kontingenti joylashgan. 18 ming dengiz piyodalarining aksariyati Okinavada joylashgan. Bu orolni AQSh Ikkinchi jahon urushi oxiridan 1972 yilgacha nazorat qilgan.
Okinava Tayvandan atigi 100 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shu bois Tokio va Vashington bu orolni Xitoyning ehtimoliy harbiy xavfini jilovlab turishda eng muhim hudud deb biladi.