Yaponiya tomonidan Rossiyaga nisbatan amalga oshirilayotgan «do‘stona bo‘lmagan harakatlar» Moskva tomonidan mutanosib javob choralarisiz qolmaydi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
Zaxarovaning ta’kidlashicha, Rossiya tomonining javob choralari, avvalo, Yaponiya uchun manfaatli bo‘lgan sohalarga qaratilgan bo‘ladi.
Rossiya TIV vakili ma’lum qilishicha, 2 oktyabr kuni Tokio Rossiyaga qarshi navbatdagi, 27-paket cheklov choralarini e’lon qilgan. Yangi choralar 33 ta Rossiya yuridik shaxsi va 9 nafar jismoniy shaxsiga, shuningdek, xorijdagi qator kompaniyalarga nisbatan joriy etilgan.
Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiyaning navbatdagi choralari ilk bor dengiz tashuvlari sohasiga nisbatan cheklovlarni ham o‘z ichiga olgan.
Rossiya TIV rasmiy vakili Tokio mazkur qarorlari bilan xalqaro huquq va ikki tomonlama kelishuvlarga nisbatan munosabatini yana bir bor namoyon etganini bildirdi.
Zaxarova, shuningdek, Rossiya va Yaponiya o‘rtasida 1957 yilda tuzilgan Savdo shartnomasida savdo kemalari va ekipajlari uchun tegishli kafolatlar belgilanganini qayd etdi. Unga ko‘ra, savdo kemalariga nisbatan uchinchi davlatlar kemalari uchun qo‘llaniladigan shartlardan kam bo‘lmagan darajada qulay sharoitlar ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Rossiya TIV ma’lumotiga ko‘ra, Moskva Yaponiyaning yangi cheklovlariga javob choralarini ishlab chiqmoqda.