Yaponiya Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli neft yetkazib berish xavfi ortishi munosabati bilan Osiyo mamlakatlariga 10 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi, deb xabar beradi Kyodo.
Qaror mintaqa mamlakatlari, jumladan, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assosiasiyasi (ASEAN) a’zo davlatlari ishtirokida onlayn uchrashuvdan so‘ng ma’lum qilindi. Ajratilgan mablag‘lar energiya ta’minoti zanjirini mustahkamlashga yo‘naltiriladi. Xususan, neft va neft mahsulotlarini sotib olish uchun kreditlar berish, shuningdek, strategik zaxiralarni ko‘paytirish choralari ko‘rilyapti.
Tokio ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu yordam miqdori taxminan 1,2 milliard barrel neftga teng, bu ASEAN mamlakatlari tomonidan bir yillik importga teng.
Sanae Takaichining so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya iqtisodiyoti Osiyo bozorlari bilan chambarchas bog‘liq, shuning uchun mintaqada neft ta’minotidagi har qanday uzilishlar mamlakat sanoati va ijtimoiy sektoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat alohida tashvish uyg‘otmoqda. Bu yo‘nalishdagi ta’minotdagi uzilishlar neft narxlarining oshishiga olib keldi, importga qaram Osiyo mamlakatlariga bosimni kuchaytirdi.
Moliyaviy yordam, jumladan, Yaponiya xalqaro hamkorlik banki orqali ko‘rsatiladi. Shuningdek, dastur milliy neft zaxiralaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’minotni ko‘zda tutmasligi va mamlakatning ichki energiya xavfsizligiga ta’sir qilmasligi tushuntirildi.