24 aprel kuni Yaponiya Immigrasiya xizmatlari agentligi Yaponiyada noqonuniy ravishda yashab turgan 2 nafar O‘zbekiston fuqarosini mamlakatdan chiqarib yubordi.
Ulardan biri Yaponiyaga talaba vizasi bilan kirgan, ammo keyinchalik o‘qishdan chetlatilganiga qaramay, mamlakatda noqonuniy ravishda qolib ketgan va rasmiylar tomonidan hibsga olingan.
Ikkinchi o‘zbekistonlik qisqa muddatli viza bilan Yaponiyaga kirib, ruxsat berilgan qolish muddati tugashiga qaramay mamlakatdan chiqib ketmagan. Bu haqda davlat elchixonasi ma’lum qildi.
Yapon diplomatlarining qayd etishicha, qisqa muddatli viza bilan Yaponiyada ishlash taqiqlangan. Talaba vizasini olib borganlar esa, agar o‘qishdan chetlatilsa, Yaponiyada yashash maqomi bekor qilinadi.
“Agarda mamlakatda noqonuniy ravishda yashayotgan shaxslar aniqlansa, ular polisiya tomonidan hibsga olinadi va bunday shaxslarga nisbatan immigrasiya muassasasida ushlab turish yoki deportasiya qilish kabi qat’iy choralar ko‘riladi.
Bundan tashqari, Yaponiya hukumati – shu kabi shaxslar haqida O‘zbekiston hukumatiga ma’lumotlarni berib borayotganligi sababli, O‘zbekistonga qaytgandan keyin ham ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi mumkin”, – deyiladi elchixona axborotida.
Yapon rasmiylari “Yaponiyada ishlash mumkin” deb da’vo qiluvchilarning va’dalariga aldanib qolmaslikka chaqirmoqda.