Yandex «Zapravkalar» servisini O‘zbekistonda yo‘lga qo‘ydi. U hozircha Yandex Go va Yandex Fuel ilovalarida ishlamoqda, yaqin vaqtda Yandex Xarita va Yandex Navigatorda ham ishga tushishi kutilmoqda.
Yangi xizmat orqali eng yaqin yonilg‘i shoxobchasini topish, narxlarni taqqoslash hamda smartfon orqali kontaktisiz to‘lovni amalga oshirish mumkin.
Hozircha servis Toshkent shahri va viloyati, Samarqand hamda Qashqadaryoda ishlamoqda. Keyinchalik boshqa hududlarda ham joriy etilishi kutilmoqda. Ilova orqali faqat benzin turiga ko‘ra shoxobchalarni saralash, aniq kolonkani tanlash va to‘lov usulini belgilash imkoniyati bor.
Shu bilan birga, Yandex ekotizimidagi boshqa xizmatlar bilan integrasiya ham ta’minlanmoqda. Masalan, Yandex Plus abonentlari yonilg‘i quyishda 8 foizgacha keshbek olishlari mumkin. Yandex Taxi haydovchilari esa ilovada to‘lov qilganda 5 foiz chegirmadan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yandex’ning «Zapravkalar» xizmati mamlakatda raqamli yechimlarning yanada ommalashishiga turtki berishi mumkin. Bu esa O‘zbekistonda raqamlashtirish orqali takomillashtirish mumkin bo‘lgan sohalar hali ko‘p ekanini ko‘rsatadi.
Avvalroq Yandex Uzbekistan o‘zbek foydalanuvchilari uchun sun’iy intellektga asoslangan yangi qidiruv tizimini ishga tushirgan edi.