Yakshanba kuni Rossiyaning Vladimir shahridagi «Yandeks» data markaziga qilingan hujumdan keyin faoliyatida uzilish kuzatilgan Yandex Uzbekistan servislari asta-sekin tiklanmoqda.
Dushanba kuni kechqurun kompaniya matbuot xizmati Gazeta’ga Yandex Go va u bilan bog‘liq ko‘plab servislar odatiy tartibda ishlayotganini ma’lum qildi. Ayrim funksiya va servislarda esa xatolar hali ham kuzatilishi mumkin.
«Hozirgi ustuvor vazifa — foydalanuvchilar, haydovchilar, kuryerlar va hamkorlar uchun to‘lovlar hamda qo‘llab-quvvatlash xizmatlarining barqaror ishlashini ta’minlash. Dushanba kuni taksopark hamkorlarga barcha to‘lovlar odatdagidek avtomatik tarzda amalga oshirildi. Haydovchilar uchun tezkor to‘lovlar ham mavjud. Ayrim to‘lovlarda hali xatolar yoki kechikishlar bo‘lishi mumkin, ularni bartaraf etishga ustuvor ahamiyat qaratyapmiz», — deyiladi kompaniya xabarida.
Ayrim foydalanuvchilar buyurtmalar uchun to‘lov qilishda xatolarga duch kelmoqda. Noto‘g‘ri yechib olingan mablag‘lar bilan bog‘liq barcha holatlar ko‘rib chiqiladi. Biroq qo‘llab-quvvatlash xizmatiga tushayotgan murojaatlar ko‘paygani sababli, muammoni hal qilish ko‘proq vaqt olishi mumkin, deya ma’lum qildi Yandex Uzbekistan.
Yandex Uzbekistan O‘zbekiston foydalanuvchilarining ma’lumotlari «qonunga muvofiq, servislarimiz foydalanuvchilari ma’lumotlarini tegishli darajada himoya qiladigan yurisdiksiyada saqlanishi»ni ma’lum qilgan.