The Wall Street Journal (WSJ) nashrining xabar berishicha, HAMAS harakatiga yangi rahbar etib Muhammad Sinvar tayinlandi. U 2024 yil oktyabr oyida Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirilgan Yahyo Sinvarning ukasi hisoblanadi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, HAMASning Dohadagi rahbariyati harakatni birgalikda boshqarish bo‘yicha qarorga kelgan.
Muhammad Sinvar G‘azo sektorida HAMASni qayta tiklash harakatlari markazida bo‘lib, yangi a’zolarni jalb qilishga katta e’tibor qaratmoqda. 50 yoshli Muhammad, akasi Yahyo singari, yoshligidan HAMAS saflariga qo‘shilgan va harakatning qurolli qanoti bo‘lmish “Izzuddin al-Qassam brigadasi”da faol ishtirok etgan. U qurolli qanot rahbari Muhammad Deif bilan yaqin aloqada bo‘lgan, garchi Deif ham 2024 yilda yo‘q qilingan.
Gazeta Muhammad Sinvarni “Soya” deb atashini ma’lum qildi. Bu uning ko‘proq parda ortida ishlashi bilan bog‘liq. WSJ ta’kidlaganidek, u hech qachon Isroil qamoqxonalarida uzoq muddat qolmagan, shuning uchun uning shaxsi haqida razvedka kamroq ma’lumotga ega.
Isroil razvedkasi va armiyasi (IDF) Muhammad Sinvarni 2006 yildagi isroillik askar Gilad Shalitning o‘g‘irlanishiga aloqador deb hisoblaydi. Uning akasi Yahyo aynan shu voqea sababli asirlarni almashish jarayonida ozod qilingan edi. “Biz uni topish uchun barcha sa’y-harakatlarimizni qilyapmiz”, – deydi IDF manbasi.
HAMASning yangi rahbari Muhammad Sinvarning tayinlanishi harakatning kelgusi strategiyasida qanday o‘zgarishlarga olib kelishi hali noma’lum, ammo uning oradan chiqishi Isroil uchun yangi qiyinchiliklarni tug‘dirayotgani aniq.