Qozog‘iston hukumati Ukrainaning "Yashashni xohlayman" markazi tomonidan qozog‘istonliklarning Rossiya tarafida jangovar harakatlarda qatnashgani haqidagi ma’lumotga munosabat bildirdi.
Internetda 661 kishining ismi-sharifi paydo bo‘lganidan so‘ng, Qozog‘istonning Ukrainadagi konsuli Baurjan Begalimov va Muvaqqat ishonchli vakil Qanat Katrenov Ukraina harbiy asirlar ishlari bo‘yicha muvofiqlashtirish shtabi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Qozog‘iston tomoni bunday har bir holatni kuzatib borishini va fuqarolar orasida tushuntirish ishlari olib borishini ma’lum qildi. Hukumat chet eldagi harbiy harakatlarda yollanma jangchi sifatida ishtirok etish jinoiy javobgarlikka tortilishini, buning uchun mol-mulk musodara qilinib, 12 yildan 17 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanganini eslatdi.
Ukrainaning Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi huzuridagi "Yashashni xohlayman" markazi e’lon qilingan ro‘yxatdagi kamida 78 nafar qozog‘istonlik allaqachon halok bo‘lganini ta’kidlamoqda. Markaz vakillari aytishicha, bu Rossiya uchun jang qilayotgan yollanma askarlar haqidagi turkum nashrlarning birinchi qismi hisoblanadi.