Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Ukraina Mudofaa kuchlari Rossiya qo‘shinlarining Sumi viloyatiga kirib kelishga urinishini muvaffaqiyatsizlikka uchratganini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, chegaradosh hududlarda ham, Rossiya hududida ham shiddatli janglar davom etmoqda.
"Rossiya qo‘shinlari o‘z rahbariyatining buyrug‘ini bajarib, bizni Kursk viloyati hududidan siqib chiqarishga va Sumi viloyatining chegara tumanlarini egallashga urinmoqda. Biroq bo‘linmalarimizning faol harakatlari yana bir bor dushman hujumini barbod qildi," - deya Sirskiy o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
U vaziyatni joyida baholash, qo‘mondonlarni qo‘llab-quvvatlash va muammoli masalalarni hal qilish uchun bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, brigadalarni ta’minlash, o‘q-dorilarni to‘ldirish va moddiy-texnik ta’minot bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilingan.