Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Ansor Alloh” (xusiylar) harakati o‘z qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari Muhammad Abdulkarim al-G‘amariy AQSh va Isroilning Yamanga avval amalga oshirgan hujumlari natijasida halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Xusiylar tomonidan e’lon qilingan yozma bayonotda hujumlar oqibatida halok bo‘lganlar soni haqida yangi ma’lumotlar keltirilgan. Ma’lum qilinishicha, so‘nggi ikki yil davomida AQSh va Isroil G‘azoni qo‘llab-quvvatlash harakatlari doirasida Yamanga bir necha bor zarba bergan. Bu hujumlar natijasida tinch aholi, harbiylar, shuningdek, bosh vazir va boshqa rasmiylar halok bo‘lgan.
Xabarga ko‘ra, ana shunday hujumlardan birida general al-G‘amariy, uning 13 yoshli o‘g‘li va bir nechta rasmiylar hayotdan ko‘z yumgan. Biroq al-G‘amariyning qachon va qanday vafot etgani haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, so‘nggi ikki yil ichida xusiylar Isroilga qarshi 1835 ta qurol yordamida 758 ta hujum uyushtirgan — ular orasida ballistik va giperovozli raketalar, uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) hamda harbiy kemalar ham bor.
Isroil mudofaa vaziri Isroyel Kas ijtimoiy tarmoq X orqali bergan bayonotida al-G‘amariy avgust oyida Isroil kuchlari tomonidan amalga oshirilgan zarba natijasida halokatli darajada yaralanganini tasdiqladi.