Joriy yilning 14 may kuni ijtimoiy tarmoqlarida “Endi o‘qituvchilar kafel va gazon uchun pul beradiganga o‘xshaydi!” sarlavhali matn e’lon qilindi. Mazkur matnda Xorazm viloyati Xonqa tumani o‘qituvchilar nomidan tumandagi barcha maktablarga gazonli futbol maydoni qurasan, hojatxonaga kafel yopishtirasan degan talab qo‘yilayotganligi va buning uchun o‘qituvchilar maoshidan turli bahonalar qilib ushlab qolishlari haqidagi ma’lumot yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan maktab Xonqa tumanidagi 28-sonli maktab ekanligi aniqlandi. Mazkur maktabda shartnoma asosida tadbirkor Hayitboyev Shahzod Quvondiq o‘g‘li tomonidan maktabning bo‘sh turgan maydonida ijara asosida suniy qoplamali sport maydonchasi qurilish ishlarining 45 foizi amalga oshirilgan.
Maktab hojatxonasi 2019 yil iyul oyida qayta ta’mirdan chiqarilgan bo‘lib, qoniqarli holatda.
Maktab direktori, X.Niyozmetov tushuntirish xatida maktab o‘qituvchilari bilan hojatxona va suniy qoplamali sport maydonchasi yuzasidan hech qanday topshiriqlar bo‘lmaganligi va maktab xojatxonasi talabga javob berishi, ta’mirga muhtoj emasligi haqida ma’lumot berdi.
Viloyatdagi umumta’lim maktablarida Xorazm viloyat hokimining 2019 yil 26 sentyabr “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida davlat – xususiy sherikchilik shartlari asosida zamonaviy sun’iy qoplamali sport maydonlarini tashkil etish” to‘g‘risidagi 623q-sonli qarori asosida maktablar hududida foydalanmasdan bo‘sh turgan qismidan tasarruf etish huquqisiz “sun’iy qoplamali mini futbol maydonchasi” qurilishi uchun shartnoma asosida tadbirkorlarga yer maydoni ajratib berilgan va qurilish ishlari olib borilmoqda. Viloyatda jami 540 ta maktabdan 25 tasida suniy qoplamali sport maydonchalari qurilib bitkazilgan bo‘lsa, 144 ta maktabda qurilish ishlari hali davom etib turibdi.
Ushbu sun’iy sport maydoni yoshlar o‘rtasida futbol va boshqa ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish maqsadida qurilayotgan bo‘lib, kelgusida o‘quvchi yoshlarning muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishlarini ta’minlaydi. Shuningdek, shartnomada soat ertalabki 8:30 dan 17:00 gacha o‘qish davrida o‘quvchilar mazkur suniy qoplamali sport maydonchasidan bepul foydalanishlari, soat 17:00 dan keyin esa mahallada yashovchilar belgilangan to‘lov asosida foydalanishlari ko‘rsatib o‘tilgan.
Ushbu sport maydonchalarini qurishdan asosiy maqsad o‘quvchi yoshlarni muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanib, sog‘lom bo‘lib yetishishlarini ta’minlashdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2020 yil 2 mart kuni o‘tkazilgan 12-sonli yig‘ilish bayonining 12-bandida mahalliy byudjet va asosan xomiylar mablag‘lari hisobidan sanitariya-gigena talablari va namunaviy loyihalar asosida maktab hojatxonalarini 2020/2021 o‘quv yili boshlangunga qadar yangidan qurish (ta’mirlash) vazifasi topshirilgan. Ushbu bayon ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatdagi umumta’lim maktab hojatxonalari viloyat hokimi F.Ermanovning 2020 yil 30 martdagi “2020 yilda Xorazm viloyati xalq ta’limi tizimidagi ta’lim muassasalarining hojatxonalarini ta’mirlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” ga asosan, 4 ta sektorga ajratilgan holda qurilish ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda jami 540 ta maktab hojatxonalaridan 155 tasida joriy ta’mirlash, 156 tasida kapital ta’mirlash va 82 tasida yangidan hojatxona qurish rejalashtirilgan. Sun’iy maydon va hojatxonalarning ta’miri va qurilishiga o‘qituvchi yoki maktab direktorlariga hech qanday moddiy majburiyat yuklangan emas.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Xorazm viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati Xonqa tumanidagi 28-sonli maktabda sun’iy qoplamali sport maydonchasi qurilishi bevosita tadbirkor tomonidan amalga oshirilayotganligi hamda maktabdagi hojatxona talab darajasida ekanligini inobatga olib, o‘qituvchilar maoshidan ushlab qolish haqidagi ma’lumot o‘z tasdig‘ini topmaganligini ma’lum qiladi.