Xitoyning Osakadagi bosh konsuli Syuye Szyan ijtimoiy tarmoq X (sobiq Twitter) orqali Yaponiyaning bosh vaziri Sanae Takaichiga “bir soniya ham ikkilanmasdan uning iflos bo‘ynini kesib tashlashini” aytdi. U bu so‘zlariga sabab sifatida Takaichining Tayvanga oid bayonotlarini muhokama qilgan maqolaga havola joylashtirgan.
Gap Yaponiya parlamentidagi Takaichining chiqishi haqida ketmoqda. U o‘z nutqida, agar Xitoy bilan Tayvan o‘rtasidagi mojaro harbiy tus olsa — masalan, flot ishtirokida — bu Yaponiyaning mavjudligiga tahdid solishi mumkinligini aytgan. Eng yomon ssenariyda u Yaponiya harbiylari ham “kollektiv mudofaa huquqi” asosida ishtirok etishini istisno qilmagan.
Syuye Szyan o‘zining haqoratli postini tez orada o‘chirib tashladi, biroq u allaqachon keng tarqalishga ulgurgan edi. Yaponiya hukumati Xitoy bosh konsulining bayonotini keskin qoraladi. Hukumat vakili Minoru Kixara bu so‘zlarni “juda noo‘rin” deb atadi. Takaichi esa parlamentda o‘z fikrlaridan voz kechmasligini ma’lum qildi.
Bunga javoban Xitoy hukumati Yaponiyani “o‘zining tarixiy aybini anglashga” va Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlovchilarga “noto‘g‘ri signal yubormaslikka” chaqirdi. Pekin Tayvanni Xitoydan ajralib chiqqan viloyat deb hisoblaydi va uni materik bilan “zarurat tug‘ilsa, kuch bilan” birlashtirish kerakligini ta’kidlaydi. 10 noyabr kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Lin Szyan matbuot anjumanida bu pozisiyani yana bir bor tasdiqladi: “Tayvan — Xitoy hududining ajralmas qismi.”
Bild nashri ma’lumotlariga ko‘ra, ekspertlar Xitoyning Tayvanga bosqini 2026 yil noyabr oyidayoq ro‘y berishi mumkin, deb hisoblamoqda.