Xitoyning Shansi viloyatidagi ko‘mir konida ro‘y bergan portlash oqibatida kamida 90 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy OAVga tayanib, BBC xabar bermoqda.
Hodisa Tongzhou Group'ga qarashli Liushenyu ko‘mir konida, 22 may kuni kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:29 da sodir bo‘lgan. Portlash vaqtida konda 247 nafar ishchi bo‘lgan.
Fojiadan keyin yuzlab qutqaruvchilar voqea joyiga yuborildi. Davlat telekanallari tarqatgan kadrlarda shifokorlar jarohatlanganlarni olib chiqayotgani, hodisa joyida tez yordam mashinalari turganini ko‘rish mumkin. Yuzdan ortiq kishi shifoxonaga yotqizilgani aytilmoqda.
Xitoy raisi Si Jinping tirik qolganlarni izlash va jabrlanganlarni qutqarish uchun barcha kuch va vositalarni safarbar qilishni buyurgan. U hodisa sabablarini chuqur o‘rganish va aybdorlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha ham ko‘rsatma bergan.
Mahalliy matbuotga ko‘ra, kon rahbariyati va mas’ullar qo‘lga olingan. Portlashning aniq sababi hozircha ma’lum emas. Biroq dastlabki ma’lumotlarda kon ichidagi is gazi miqdori me’yordan oshib ketgani aytilgan.
Xitoy – dunyodagi eng yirik ko‘mir iste’molchisi va atmosferaga issiqxona gazlarini eng ko‘p chiqaradigan davlat hisoblanadi.