"Beyjing Goan" yoshlar jamoasi himoyachisi Go Szyasyuan o‘rtoqlik uchrashuvida boshidan qattiq jarohat olishi oqibatida olamdan o‘tdi.
Baxtsiz hodisa 6 fevral kuni Ispaniyadagi o‘yin vaqtida sodir bo‘lgan. 18 yoshli futbolchi komaga tushib qolgan va keyinchalik shifokorlar miya o‘limi tashxisini qo‘yishgan. Shifokorlarning barcha sa’y-harakatlariga qaramay, futbolchini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi.
Szyasyuan 20 mart kuni 19 yoshini nishonlashi kerak edi, biroq u bir kun oldin, 19 mart kuni hayotdan ko‘z yumdi.
Umidli xitoylik himoyachi avvalroq "Bavariya"ning xalqaro dasturida ishtirok etgan va 2023 yilda ushbu loyiha doirasida nemis klubi sharafini himoya qilgandi.