Xitoyning Nankin universiteti talabalariga muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish, ijtimoiy qo‘rquv va telefon orqali suhbatlashishdan cho‘chishni yengishga qaratilgan kurs taklif etilmoqda.
South China Morning Post gazetasi xabar berishicha, «Og‘zaki nutq» deb nomlangan dastur ilk bor 2015 yilda yo‘lga qo‘yilgan. Shundan beri u universitetdagi eng mashhur kurslardan biriga aylangan.
Talabalar ushbu kursda ixtiyoriy ravishda ishtirok etadi. Mashg‘ulotlar davomida ular o‘z qo‘rquvlarini yengib, tasodifiy notanish kishiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilishi va undan intervyu olishi kerak.
Ko‘plab talabalar mashq qilishni dastlab qarindoshlari yoki do‘stlariga qo‘ng‘iroq qilishdan boshlaydi. Ular yaqinlaridan o‘zlarini notanish odam sifatida tutishni so‘raydi.
Ayrim talabalar esa internetda telefon orqali suhbatlashish uchun hamsuhbat izlab e’lonlar joylashtiradi. Biroq bu usul unchalik samarali emas, chunki odamlar firibgarlikdan xavotirlanadi.
Talabalar vazifani amalda bajarish jarayonida ham qiyinchiliklarga duch kelishadi. Sababi, ko‘pchilik noma’lum raqamlardan kelgan qo‘ng‘iroqlarga javob berishni istamaydi va intervyu berishga rozi bo‘lmaydi.
Xong Imin ismli talaba 30 ta telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan. Biroq ulardan atigi besh kishi qo‘ng‘iroqqa javob bergan va faqat bir nafari suhbatlashishga rozi bo‘lgan.