Bugun 30 mart, 2025 yil, yakshanba

КИР

Xitoy bilan 10 million dollarlik hamkorlik kelishuviga erishildi

Xitoy bilan 10 million dollarlik hamkorlik kelishuviga erishildi

Shu kunlarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov boshchiligidagi delegasiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida muhim kelishuvlar imzolanmoqda.

Xususan, Milliy markaz tizimidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti va Xitoy Qishloq xo‘jaligi mexanizasiyasi akademiyasi o‘rtasida umumiy qiymati 10 million AQSh dollariga teng bo‘lgan bitim tuzildi.

Qayd etilishicha, ushbu kelishuv asosida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘uvchi yirik zavod tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu esa fermer va dehqonlarni zamonaviy texnika bilan ta’minlash, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va import texnikalarga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishga xizmat qiladi.

Tashrif davomida delegasiya a’zolari zamonaviy chigit ekish va paxta xomashyosini terish texnikalarini ishlab chiqaruvchi zavod faoliyati bilan ham tanishdi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston agrar sohasini modernizasiya qilish va texnik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, safar davomida delegasiya qator ilmiy va ta’lim muassasalarida uchrashuvlar o‘tkazib, qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Shuningdek, delegasiya a’zolari genetik muhandislik va yangi paxta navlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar haqida taqdimotni tingladilar. Ilmiy uchrashuv davomida tomonlar kelgusi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, taniqli olim bilan Bt genlarini O‘zbekistondagi g‘o‘za navlariga o‘tkazish va bu borada hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib oldilar.

Ushbu tashrif O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi va ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Kiritildi: 16:28 25.03.2025. O'qildi: 550 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!