So‘nggi vaqtlarda ko‘cha, bozor va boshqa savdo shoxobchalarida taomlar tayyorlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilmaslik va buning oqibatida ovqatdan ommaviy zaharlanish holatlari ko‘p uchramoqda.
Poytaxtimizning Sergeli tumani avtomobil bozori hududida faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish muassasalarining sanitariya holati yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, savdo shoxobchasining ta’mir va sanitariya holati, oziq-ovqat mahsulotlarining saqlash sharoitlarini o‘rganish davomida sovutgichlarda noma’lum sharoitda qo‘lbola usulda tayyorlangan, sifat va xavfsizligi kafolatlanmagan 65 litr mayonez mahsuloti saqlanayotgani aniqlandi.
Mayonez mahsuloti sanitariya-gigiyena tartiblariga xilof ravishda o‘simlik yog‘idan bo‘shatilgan bir marotabalik (ikkilamchi) idishlarga qadoqlangani ma’lum bo‘lgan.
Belgilangan tartib asosida 65 litr mayonez mahsuloti shoxobchadan olinib, brakeraj qilindi. Tadbirkorga qonun doirasida tushuntirish ishlari o‘tkazilib, holat takrorlanmasligi yuzasidan kafolat xati olindi.
Qayd etish kerakki, oziq-ovqat mahsulotlarini ikkilamchi idishlarga solib saqlash va sotish taqiqlanadi. Negaki, bundan oldin boshqa turdagi mahsulot saqlangan bu kabi plastik idishlarni to‘liq zararsizlantirish mushkul. Shu sababli bunday idishlarda saqlangan mahsulot tarkibi tez o‘zgaradi va iste’mol uchun xavfli bo‘lib qolish ehtimoli yuqori.