Toj Mahal - butun dunyo hayratiga sazovor bo‘lgan ajoyib inshoot. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, shunday me’moriy asarni bugungi kunda qurish qanchaga tushardi?
Toj Mahal, haqiqatan ham marmarga burkangan ajoyib yodgorlikdir!
Uni Boburiylar shahzodasi Shoh Jahon sevikli rafiqasi Mumtoz Mahalning xotirasiga bag‘ishlab qurdirgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, uni barpo etish uchun qariyb 22-25 yil vaqt ketgan.
India.com'ning yozishicha, Toj Mahalning qurilishi haqida turli rivoyatlar mavjud. Aytishlaricha, uni qurish uchun Fors, Usmonli va boshqa yurtlardan ko‘plab ustalar kelgan. Bundan tashqari, qurilishda 1000 dan ortiq fil ham ishtirok etgan. Toj Mahalga qancha mablag‘ sarflangani haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Xo‘sh, agar u bugun qurilganda-chi?
Ba’zi shaxsiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda taxminan 70 milliard rupiy yoki 1 milliard AQSh dollari atrofida mablag‘ sarflanishi mumkin. Yana shuni ta’kidlash joizki, aniq raqamni keltirib bo‘lmasa-da, ko‘plab ma’lumotlarga ko‘ra, bu summa bir milliarddan ortiq bo‘lishi shubhasiz.
Bunday mahobatli yodgorlikka narx belgilash mushkul bo‘lsa-da, kelgusi asrlarda bunday ulug‘vor sevgi ramzini yana bir bor ko‘rish ehtimoldan yiroq.