Xarkivning Kiyev tumanida dronlar hujumi oqibatida ko‘p qavatli turar joy binolari shikastlandi. Bu haqda shahar meri Igor Terexov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dronlardan biri ko‘p qavatli uyga kelib urilgan. Binoning 7–9-qavatlari shikastlangan va yong‘in chiqqan. Terexov hodisa oqibatida 12 kishi jabrlanganini bildirdi.
Shahar meri tumanga dronlar bilan jami beshta zarba berilganini aytdi. Xarkiv viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov ham bir nechta dron ko‘p qavatli turar joy binolariga tekkanini ma’lum qildi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, uch kishi jarohatlangan.