Madridning «Real» jamoasi bosh murabbiyi Xabi Alonso Ispaniya Superkubogi finalida «Barselona»ga qarshi kechgan bahsdan so‘ng (2:3) o‘yin haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, jamoa maydonda yuqori darajadagi munosabat va o‘zini ayamagan holda harakat qilgan.
«Jamoa a’lo darajadagi munosabat va katta fidoyilik ko‘rsatdi. To‘psiz qolgan paytlarda sabr qilishimiz, barqarorlik va ishonch saqlashimiz kerakligini bilardim. Ilk 30 daqiqa ichida raqibga deyarli hech qanday imkoniyat bermadik. Qisqa vaqt ichida juda ko‘p voqealar sodir bo‘ldi. Ikkinchi taymda Vinisius orqali chap qanotdan yaxshi hujumlar tashkil qildik. Qaytarilgan zarbadan keyin gol o‘tkazib yubordik va hisob 3:2 bo‘ldi. Shunga qaramay, hisobni tenglashtirish uchun imkoniyatlar bo‘lishiga ishondim. Afsuski, penaltilar seriyasiga olib borish uchun aniqlik yetishmadi», — dedi Alonso.
Shuningdek, u jamoaning jismoniy holati va jarohatlar barqaror o‘yin ko‘rsatishga xalaqit berayotganini ham qayd etdi.
«Uchrashuv oxirida hal qiluvchi shturm uchun kuchimiz bor edi. Ammo jismoniy holat va jarohatlar yuklamani teng taqsimlashga va barqarorlikka erishishimizga to‘sqinlik qilmoqda», — dedi murabbiy.
Alonso Vinisiusning almashtirilishi sababini ochiqladi
Shuningdek, Xabi Alonso final bahsining 82-daqiqasida Vinisius Juniorning almashtirilishi haqida ham izoh berdi.
«Vinisius juda yaxshi o‘ynadi. U charchoq va mushak tortishishi sababli o‘zi almashtirishni so‘radi. Shunga qaramay, u doimiy ravishda raqib uchun xavf soldi va hujumda ko‘p muammolar tug‘dirdi. Uning goli juda chiroyli chiqdi. Hozir eng muhimi — futbolchilarning safga qaytishi», — dedi Alonso.
Alonso Mbappe o‘yinini ham baholadi
«Real» ustozi finalda jarohatdan keyin ilk bor maydonga tushgan Kilian Mbappe haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
«Biz uni uchinchi golni o‘tkazib yuborishimizdan oldin ham maydonga tushirishni rejalashtirgan edik. Qolgan 15–20 daqiqa ichida uning yordamida chiziqlar orasida o‘ynab, bo‘sh hududlarni topishni istadik. U o‘yinni boshidan boshlash uchun kerakli intensivlikka tayyor emas edi, shuning uchun zaxiradan chiqib o‘yinni kuchaytiruvchi futbolchi sifatida foydalandik», — dedi Alonso «Real»ning rasmiy saytiga.
Fransiyalik hujumchi 76-daqiqada maydonga tushdi va ushbu final unga jarohatdan keyingi ilk uchrashuv bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, «Barselona» ushbu g‘alaba orqali Ispaniya Superkubogini tarixda 16-marta qo‘lga kiritdi va rekordni yangiladi. «Real» esa musobaqada 13 marta zafar quchgan.