Bugun tahdidlar qorong‘i ko‘chalardagina emas, balki yorug‘ ekranlar va soxta profillar ortida ham yashirinmoqda. Odamni erkiga qarshi izma-iz kuzatib, soyadek ergashuvchilar (stalking). Tarmoq orqali bolalarning ishonchiga kiruvchi pedofillar (onlayn gruming). Onlayn makonda ochiqdan-ochiq tahqirlash va bezorilik (kiberzo‘ravonlik). Bular — yuzlab oilalarning tinchini o‘g‘irlab, insonlar taqdirini barbod qilayotgan, bugungi kunning og‘riqli va real ijtimoiy fojiasidir.
✔️ Endi ekran ortida o‘zini jazosiz va daxlsiz sezganlarning davri tugaydi. Davlat bu zamonaviy illatlarga qarshi murosasiz kurash boshladi. Prezidentimiz imzolagan Farmonga ko‘ra, kelayotgan uch oy ichida qonunchiligimizda aynan stalking, onlayn gruming va kiberzo‘ravonlik uchun keskin, og‘ir javobgarlik belgilanadi. Bolalarimizning ongiga chang soluvchilar ham, birovning shaxsiy hayotiga raxna soluvchi ta’qibchilar ham qonun oldida javob beradi. Jamiyatimiz va farzandlarimizning raqamli xavfsizligi davlat himoyasiga olinmoqda.