Eron ayollar terma jamoasi futbolchilari 2026 yilning 1-25 mart kunlari Avstraliyada bo‘lib o‘tayotgan Osiyo Kubogining ochilish o‘yini oldidan davlat madhiyasini ijro etishmadi. Ushbu harakat Yaqin Sharqdagi mojarolar keskinlashgan — Isroil va AQSh Eronga zarbalar berayotgan, Eron esa bunga javoban Isroil hamda AQShning BAA va boshqa mamlakatlardagi bazalariga hujum qilayotgan bir paytda sodir bo‘ldi.
Turnirning ilk uchrashuvida Eron jamoasi Janubiy Koreya terma jamoasiga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ushbu guruhdan shuningdek Avstraliya va Filippin jamoalari ham o‘rin olgan. Eronlik futbolchi ayollar uchun bu mamlakatga hujumlar boshlangandan beri o‘tkazilgan birinchi o‘yin bo‘ldi.
Eron ayollar terma jamoasining Osiyo Kubogidagi ishtiroki Eron futbol federasiyasi prezidenti Mehdi Tajning bayonoti fonida alohida e’tibor tortmoqda. Unga ko‘ra, Eron erkaklar terma jamoasi Jahon chempionatida ishtirok etishdan bosh tortishi mumkin. Jamoa o‘tgan yilgi saralash natijalariga ko‘ra Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan edi, biroq guruh bosqichidagi barcha o‘yinlar AQShda o‘tkazilishi kerak. Turnir 2026 yilning 11 iyunidan 19 iyuliga qadar AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Yaqin Sharqdagi vaziyat klublar futboliga ham ta’sir qildi. OFK Chempionlar ligasining 1/16 final, shuningdek, OFK Chempionlar ligasi 2 ning 1/4 final va Chaqiruv Kubogi (Challenge Cup) bahslari qoldirildi. Dastlab bu o‘yinlar 2-3 va 3-4 mart kunlariga belgilangan edi.