AQSh Eron yadroviy inshootlarida operasiya o‘tkazish uchun bir necha ming askarni joylashtirishni ko‘rib chiqmoqda.
Bu haqda New York Post manbalarga tayanib xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, agar buyruq berilsa, AQSh maxsus kuchlari Eronning mustahkamlangan yadroviy inshootlarida boyitilgan uran zaxiralarini egallash bo‘yicha operasiyani boshlashga tayyor. Manbalar buni "tarixdagi eng murakkab harbiy operasiya" deb atashadi.
Xabarlarga ko‘ra, quruqlikdagi operasiyada minglab askarlar ishtirok etishi mumkin. Ularning vazifasi yadroviy inshootlarga bostirib kirish va ularni muhrlash, maxsus operasiya kuchlarining kichik guruhi esa boyitilgan uranni egallash vazifasini bajaradi.
Avvalroq, iyul oyining o‘rtalarida The Wall Street Journal AQSh prezidenti Donald Tramp asosiy maslahatchilar bilan bir qator uchrashuvlardan so‘ng Eronga qarshi harbiy kampaniyani kengaytirishga moyil bo‘lganini xabar qilgan edi. Nashrning xabar berishicha, ko‘rib chiqilayotgan variantlar qatoriga Islom Respublikasi hududiga havo hujumlarini kuchaytirish, Hormuz bo‘g‘ozidagi orollarni egallash uchun quruqlikdagi kuchlarni yuborish va mamlakatning energetika infratuzilmasini nishonga olish kiradi.