Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini tayinlash va to‘lash tartibi qanday? Ijtimoiy himoya milliy agentligi bu haqda batafsil ma’lumot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 17 dekabrdagi «Aholiga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini tayinlash hamda to‘lash tartibi belgilangan.
Mazkur qarorga ko‘ra, fuqarolarga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik holatlarida ijtimoiy himoyani kuchaytirish, nafaqalarni tayinlash va to‘lash mexanizmlarini yanada takomillashtirish nazarda tutilgan.
Ushbu tartibga muvofiq, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini tayinlash va to‘lash bilan bog‘liq barcha jarayonlar davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi orqali amalga oshiriladi.
Majburiy asosda sug‘urtalangan shaxslar uchun:
Nafaqa oluvchining o‘rtacha oylik ish haqiga quyidagi miqdorlar hisobga olinadi:
– 10 oydan 2 yilgacha – 75%;
2 yildan 5 yilgacha – 85%;
5 yil va undan ortiq – 100%.
Bunda nafaqa oluvchining o‘rtacha oylik ish haqi sug‘urta hodisasi yuzaga kelgan oydan oldingi 12 oy davomida hisoblangan barcha ish haqi jami 12 oyga (agar 12 oy to‘liq ishlanmagan bo‘lsa — amalda ishlangan oylar soniga) bo‘lish orqali aniqlanadi.
Mazkur tartibda aniqlangan o‘rtacha oylik ish haqiga sizdagi sug‘urta stajiga mos koeffisiyent (75/85/100 foiz) va dekret kunlari soni qo‘llanib, umumiy nafaqa summasi chiqariladi.
Ixtiyoriy asosda sug‘urtalangan shaxslar uchun:
Ixtiyoriy asosda sug‘urtalanganlar uchun ham umumiy formula bir xil, faqat o‘rtacha oylik ish haqi to‘langan sug‘urta badallaridan kelib chiqqan holda aniqlanadigan shartli oylik ish haqi hisoblanadi.