Inson yaralibdiki, u hamisha san’atga, she’riyatga, go‘zalikka intilib yashaydi. San’at va she’riyat ko‘ngilning tub-tubiga yetib borib, ochilmay turgan, dengiz tubida ming yillar saqlanib turgan marjon kabi qalbimizdagi hislarimizni, tuyg‘ularimizni behosdan jumjushga keltiradi, desak yangilishmagan bo‘lamiz. Bugungi zamonda jahon shiddat ila rivojlanib, tobora ko‘rkamlashib borgani kabi she’riyat ahli ham kengayib, mukammallashib bormoqda. Biroq qanchalik rivojlanmasin, dunyoda qanday hodisalar sodir bo‘lmasin, she’riyat abadiy kamol topadi. U na vaqt, na joy, na sharoit va na ko‘ngil tanlaydi. Har joyda va hamma vaqt u o‘z shaydosini izlab yuradi. Albatta, bunda shoirdan tinimsiz mehnat, terang fikr, chuqur sinchikovlik va yuksak badiiy tasavvur talab etiladi. San’at ahlidan esa she’rni to‘g‘ri tanlay bilish, uni his eta olish, shoir ruhiyati bilan birga hayollar dengizga sho‘ng‘ish lozim bo‘ladi.
Ana shunday kishi qalbiga nur kabi kirib borgan o‘zbek shoirlaridan biri bu andijonning marhamatli farzandi – Muhammad Yusuf. U millionlab she’riyat oshnolarining ko‘ngil sandig‘ini buzib, qalblariga unitilib bo‘lmas she’rlarni muhrlab qo‘ygan. O‘zining she’rlarida Vatan va Ona timsollarini shundayin ulug‘laganki, mutolaa qilgan kishi o‘zida o‘zgacha g‘urur, faxr-iftixor, o‘zgacha jo‘shqinlikni his etadi. O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov shoir Muhammad Yusufni shunday so‘zlar bilan xotirlagan edi: "Muhammad Yusufni xalqimiz sevib dilida saqlaydi, Vatan kuychisi, Istiqlol kuychisi deb ardoqlaydi, o‘zbek eliga ulug‘ mehr sadoqat singib ketgan nazokatli, samimiyat to‘la she’rlarini qadrlaydi, qo‘shiq qilib aytadi. Uning she’riyatini chin ma’noda qanotli she’riyat, yurt osmonida baland parvoz qiluvchi, yuraklarga qanot berguvchi she’riyat desa bo‘ladi. "Chindan ham u qush, she’rlari esa qanotlari edi. Biroq hozir biz qushning o‘zini ko‘ra olmasakda, uning qanotlari hozir ham parvoz qilmoqda va bu parvoz kundan kunga yuqoriga tomon talpinmoqda.
Shoirning she’riyatida Vatan mavzusi alohida sahifa, eng jozibador sahifa hisoblanadi. Ona Vatan haqida shoir tomonidan bironta she’r yo‘qki, san’atkorlar bu she’rlarni kuyga solmagan bo‘lsa. Shoirdan "Vatan - o‘zi nima?" deya so‘rashganda, "Vatan... Dunyoda undan go‘zali yo‘q, dunyoda undan haloli yo‘q, undan kuchliroq kechiruvchani yo‘q, undan kuchli mehriboni yo‘q. U seni nima ish qilsang ham kechiradi. Hatto ba’zida "aldasang" ham kechiradi. Tasavvur qilingda... Mening onamdek xokisor zotni yaxshi ko‘rib suyganlar – mening do‘stim. Lekin meni onamga birov tosh otsa, men uni qo‘lini urib sindiraman." deya haqiqiy chapanicha, o‘zbekning tanasini titratadigan so‘zlar bilan javob beradi. Va shuning uchun bo‘lsa kerakki, u Vatan tuprog‘ining har bir kichik zarrasini ham qog‘ozga tillolardek ulug‘ladi. Birgina shoirning "Iqror" deya nomlangan she’rida shunday misralar bitilgan:
Bildimki, baridan ulug‘im o‘zing,
Bildimki, yaqini shu tuproq menga.
Bahorda Baxmalda tug‘ilgan qo‘zing,
Arab ohusidan azizroq menga.
Sen bilan o‘tgan har kun bayram - bazm,
Sensiz bir on qolsam vahmim keladi.
Seni bilganlarga qilaman ta’zim,
Seni bilmaslarga rahmim keladi.
Afsuski, tarixdan bizga ma’lumki, bu davrga qadar o‘zbek adabiyoti juda katta yo‘qotishlarga, nazm va navoda tengsiz bo‘lgan jasur yozuvchi va shoirlarimizning qurbonliklariga shohid bo‘lganmiz. Sobiq SSSR tuzumida yashab, ijod qilgan Abdulla Avloniy, Fitrat, Behbudiy, Mannon Uyg‘ur, Usmon Nosir, Cho‘lpon kabi ulug‘ siymolar kommunistlarning johilliga tufayli bevaqt va beshavqatlarcha bu yorug‘ dunyoni tark etishgan. Shoir Muhammad Yusuf hamisha ana shu o‘tmishdan saboq olib yashadi. Ajdodlarimiz, moziyning tengsiz qahramonlarini ulug‘lab, ularga shukrona aytib she’rlar bitdi. Biroq kezi kelganda, o‘tmishdagi alamli qurbonliklar, adabiyot kushandalaridan hamisha nafratlandi. Shoirning she’r bitayotgan paytidagi his-tuyg‘ularini tushuntirish qiyin, biroq Muhammad Yusuf buni eplardi. Boisi u shodlikini ham nafratini ham bir maromda qog‘ozga tushirardi:
O‘tgan kuning - o‘tgan kundir,
O‘z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo‘lin bog‘lab, Dilin dog‘lab,
Etaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug‘imsan, Vatanim.
Muhtaram Prezidentimiz SH.Mirziyoyev shunday degandi: "O‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir"! Yuqoridagi fikrlarni men har safar o‘qiganimda, "har o‘zbek ona tilini haqida shunday o‘ylashi, ulug‘ashi lozim!" deya ichimdan fikr o‘tkazib qo‘yaman. Andijonning chapani shoiri Muhammad Yusuf esa uni har so‘zida, har qog‘ozga tushirayotgan she’rida, har olayotgan nafasida his etganligini uning Vatan, Ona, O‘zbek tili, Yurt haqidagi she’rlarida she’riyat shaydosi his etishi mumkin:
Garchi zug‘um qilganlarni yoqtirmadim,
She’r yozdimu bo‘lak ishni qotirmadim.
Tililm turib o‘z tilimda gapirmadim,
Bir eslasam eziladi bag‘ri-dilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Bir qarasam har shevangda ming jilolar,
Har novdangda, har mevangda ming jilolar,
Qodiriylar, Cho‘lponlar-u Abdullolar,
Sening qaytgan kuning men tug‘ulgan yilim,
Ona tilim, ey muqaddas Ona tilim.
2020 yil 20 may sanasida poytaxtimiz Toshkent shahrining markazida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan "Adiblar xiyoboni" barpo etildi. Ochilish marosimida shaxsan Prezidentimizning o‘zi ishtirok etib shunday so‘zlarni aytgan edi: "Adabiyot xalqning yuragi, elning ma’naviyatini ko‘rsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yo‘l topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning ta’sirchan kuchidan foydalanish kerak. Ajdodlar merosini o‘rganish, buyuk madaniyatimizga munosib buyuk adabiyot yaratish uchun hamma sharoitlarni yaratamiz!" Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, ushbu bog‘ga O‘zbekiston Xalq shoiri Muhammad Yusuf haykalining ham joylashtirilganidir. Xiyobonni aylanar ekansiz siz go‘yoki shoir-u yozuvchilar bilan bir davrada o‘tirgandek, ular bilan g‘oyibona suhbatlashgandek bo‘lasiz. Chindan ham Muhammad Yusufdek barhayot shoirlarimizni o‘zbek xalqi hech qachon dilidan va tilidan tushirmaydi. Ularning she’rlari hamisha parvoz qilishda davom etadi. Hali uning she’rlari millionlab san’atkorlar tomonidan kuyga solinadi va yanada chuqurroq insonlar qalbida joy egallaydi. Odamlarga umid va muhabbat berishda ularning she’rlari tildan tilga, eldan elga o‘tib yuraveradi. Shoirning ta’biri bilan aytganda:
O‘lsa o‘zi o‘lar, So‘zi o‘lmaydi,
Hamisha barhayot nasl shoirlar.
Haqiqiy shoirning qabri bo‘lmaydi,
Yurakka ko‘milar asl shoirlar.
Shahzod Otamurodov,
Toshkent davlat yuridik universiteti tyutori