Slovakiya parlamenti vise-spikeri Andrey Danko Ukraina Yevropa Ittifoqi yoki NATO a’zosi emas va bo‘la olmasligini bildirdi. Bu haqda TASR agentligi xabar qildi.
«Ukraina Yevropa Ittifoqi a’zosi emas va bo‘la olmaydi. Ukraina NATO a’zosi emas va bo‘la olmaydi. Kimdir bundan g‘azablanadimi yoki yo‘qmi — farqi yo‘q», — dedi Danko.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaroga tezroq barham berish va ikki davlat munosabatlarini tiklash zarur. Dankoning fikricha, Moskva va Kiyev nizoni o‘zlari hal qilishi kerak, Slovakiya va Yevropa Ittifoqi esa bunga aralashmasligi lozim.
Shuningdek, u G‘arb mamlakatlari Ukrainaga yordam beryapmiz deb o‘ylasa-da, amalda buning aksi bo‘layotganini aytdi va moliyaviy yordamdan suiiste’mol hamda korrupsiya holatlari mavjudligini qo‘shimcha qildi.
Danko Slovakiya Kiyevga 4 milliard yevrodan ortiq yordam ko‘rsatganini eslatib, bu mablag‘lar mamlakat ichida yo‘llar va kasalxonalar qurilishiga yo‘naltirilishi mumkinligini ta’kidladi.