Bugun 24 fevral, 2026 yil, seshanba

КИР

Qora dengiz: tarix, betakror tabiat va ta’mlar uyg‘unligi

Qora dengiz: tarix, betakror tabiat va ta’mlar uyg‘unligi

Turkiya — bir kunda to‘rt faslni his etish mumkin bo‘lgan noyob maskanlardan biri. Mamlakatning shimoliy sohilbo‘yi bo‘ylab cho‘zilgan Qora dengiz mintaqasi yam-yashil tabiat manzaralari va musaffo havosi bilan yil davomida sayyohlarni o‘ziga rom etadi. Biroq qish kelishi bilan bu hudud butunlay yangicha qiyofada namoyon bo‘ladi. Oppoq qor tog‘lar-u vodiylarga sehrli tus bag‘ishlaydi, tarixiy obidalar, shifobaxsh termal buloqlar, zamonaviy chang‘i markazlari hamda asrlar davomida sayqal topgan boy oshxona an’analari birlashib, mintaqani yanada jozibali manzilga aylantiradi. Ushbu hudud National Geographicning 2026 yilgi “Dunyoning eng yaxshilari” ro‘yxatidan o‘rin olgan.

Sharqiy Qora dengiz: qishning sehrli manzaralari

Sharqiy Qora dengiz mintaqasida qish fasli ko‘zni quvnatuvchi tarovati bilan ajralib turadi. Ayniqsa Ordu va Giresunning tog‘-u adirlari hamda sohil manzaralari qishning sokin nafasida yanada maftunkor ko‘rinish kasb etadi. Boztepe sari panoramik kanat sayohati, Ulugo‘ldagi bungalovlarda osoyishta hordiq chiqarish, Cittaslow maqomiga ega sokin maskanda qor bilan qoplangan Yason Burnu cherkovini tomosha qilish — bularning bari Orduni qishda betakror manzilga aylantiradi. Shu bilan birga, shifobaxsh issiq buloqlari bilan mashhur bo‘lgan Chambashi platosi va Chambashi chang‘i kurorti yanada chuqur taassurot izlovchilar uchun ayni muddao. Bu hududda qish — shunchaki fasl emas, balki tabiat va tarix uyg‘unligida yaralgan unutilmas kechinmadir.

Mahalliy madaniyatni chuqur his qilishni istaganlar uchun esa Kushko‘y alohida e’tiborga loyiq. YUNESKOning “Zudlik bilan muhofaza qilinishi zarur bo‘lgan nomoddiy madaniy meros” ro‘yxatiga kiritilgan mashhur hushtak tili bu qishloqqa o‘ziga xos mazmun bag‘ishlaydi.

Bundan tashqari, Qora dengiz durdonasi Trabzon va YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan Sumela monastiri oppoq qor bag‘rida yanada sehrli va hayratomuz ko‘rinadi. Machka va Erikbeli yaylovlari hamda Uzungo‘l esa qish faslida bamisoli sirli ertakka aylanadi.

Rizeda qish kelishi bilan tog‘lar sukunatga cho‘madi, oppoq qorga burkangan Zil qal’asi va Shenyuva ko‘prigi go‘yo o‘tmishdan hikoya qilayotgandek taassurot uyg‘otadi, Ayder yaylovi esa termal buloqlari va ulug‘vor tog‘lari bilan qishning chinakam manzarasini yaratadi. Shuningdek, Ovit tog‘ining qorli yonbag‘irlari, Kachkar va Kafkaso‘r yaylovlari, Shavshat shaharchasi hamda Jamili biosfera hududi qishda tabiat qo‘ynida maroqli hordiq chiqarish imkonini beradi.

G‘arbiy Qora dengiz: ertaknamo qish

Bolu betakror o‘rmonlari bilan G‘arbiy Qora dengizning qishki sayohatlari uchun eng mashhur maskanlaridan biridir. Abant ko‘li va Yedigo‘ller milliy bog‘i atrofida qishki sayrlar, tabiatni suratga olish hamda tog‘ uylarida hordiq chiqarish eng ommalashgan mashg‘ulotlardandir. Mineral manbalarga boy ushbu hududda Go‘ynuk va Mudurnu kabi Cittaslow maqomiga ega sokin shaharchalar ham joylashgan. Qolaversa, Safranboludagi Usmoniylar davriga oid uylar, barqaror mahalliy me’morchilik va tosh yotqizilgan ko‘chalar shaharga mislsiz go‘zallik bag‘ishlaydi.

Qora dengizning qishki ta’mlari

Qora dengiz oshxonasi qishning qahratoniga o‘ziga xos yorqinlik baxsh etadi. Nonushtada issiq tortiladigan, tabiiy sariyog‘, makkajo‘xori uni va mahalliy pishloq bilan tayyorlanadigan kuymak, ichni isituvchi karam sho‘rvasi, yozda tayyorlanib qishda dasturxonga tortiladigan tuzlamalar hamda sovuq oylarida yanada totli bo‘ladigan hamsi — bularning barchasi mintaqaning boy ta’mlar olamini namoyon etadi. Akchaabat ko‘ftasi, Hamsiko‘y sutli guruch shirinligi, Samsun an’anaviy pidasi hamda Safranbolu lokumi o‘zining boy ta’mi bilan mashhur. Rizeda yetishtirilgan choy barglaridan damlangan issiq turk choyi esa har lahzaga iliqlik bag‘ishlaydi.

Kiritildi: Bugun 19:53. O'qildi: 291 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!