Markaziy bankning ma’lumotlariga ko‘ra, 1 fevral holati bo‘yicha O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 34,3 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.
Xalqaro zaxiralar 2020 yil yakunidan so‘ng birdaniga oshgan edi, biroq yana kamayishni boshladi. Shunday bo‘lsa-da, Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, so‘nggi bir oy davomida oltin zaxiralari 0,3 mln unsiyaga (9 tonnaga yaqin) oshgan. Xalqaro zaxiralarning kamayishiga esa xorijiy valyutadagi aktivlarning 700 mln dollar miqdorda kamayishi sabab bo‘lgan.
O‘zbekiston xalqaro zaxiralari xaligacha yaxshi diversifikasiya qilinmagan, ya’ni, deyarli barcha zaxiralar ikki xil ko‘rinishda — oltin ($20,2 mlrd) va xorij valyutalarida ($13,7 mlrd) saqlanadi. Ushbu masalani AQSh g‘aznachilik obligasiyalarini sotib olish orqali hal qilish rejalashtirilmoqda.
Oltin-valyuta zaxiralari mamlakat uchun «himoya yostiqchasi» hisoblanadi. O‘zbekistonning amaldagi zaxiralari 20 oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli hisoblanadi.
Xalqaro tashkilotlar rivojlanayotgan davlatlarga 3 oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli zaxiralarni saqlashni tavsiya qilgan.