Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro 7 ming kolumbiyalik Ukrainada jang qilayotganini va behuda halok bo‘layotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat “o‘lim eksportchisi” bo‘lishni istamaydi.
“Etti ming kolumbiyalik harbiy tayyorgarlik bilan begona urushda jang qilmoqda va Ukrainada ma’nosiz halok bo‘lmoqda. Biz o‘lim eksportchisi bo‘lishni xohlamaymiz”, — deb yozdi Petro X ijtimoiy tarmog‘ida.
U, shuningdek, Kolumbiyada yollanma askarlik qonun bilan taqiqlanganini eslatdi.
“Yollanma askarlik qonun bilan taqiqlangan”, — dedi u.
Mart oyida Kolumbiya 1989 yilgi yollanma askarlarni yollash, ulardan foydalanish, moliyalashtirish va o‘qitishga qarshi xalqaro konvensiyaga qo‘shilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ratifikasiya qilgan edi.
RIA Novostiga ko‘ra, Petroning bu bayonoti Rossiyaning Bogotadagi elchisi Nikolay Tavdumadzening Ukrainaga yollanma askar sifatida ketayotgan kolumbiyaliklar soni yuqori darajada qolayotgani haqidagi so‘zlaridan keyin yangradi.
RIA Novostiga kolumbiyaliklarni Ukraina va Yaqin Sharqqa yollash bozori bilan bog‘liq manbaning bildirishicha, bunday mojarolarda ishtirok etishga og‘ir moddiy ahvol va yuqori maosh va’dalari ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Agar kolumbiyaliklarni, masalan, Xitoy tomonida jang qilish uchun yollaydigan kompaniya ochilsa, ular bunga rozi bo‘ladi. Agar Yaponiya uchun jang qilishga chaqirishsa, Yaponiya uchun ham jang qilishga ketadi”, — dedi agentlik suhbatdoshi.