O‘zbekistonning eksport bozorida yetakchi davlatlar ma’lum bo‘ldi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–avgust oylarida mamlakat eksporti 23 milliard dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31,3 foizga ko‘p.
Eksportda eng yuqori ulushga ega davlat Rossiya bo‘lib, unga 2,9 milliard dollarlik mahsulot yetkazib berildi. Ikkinchi o‘rinda Xitoy (1,2 milliard dollar), uchinchi o‘rinda esa Qozog‘iston (910,8 million dollar) qayd etilgan.
Shuningdek, Afg‘onistonga 881,6 million dollarlik, Turkiyaga 736,4 million dollarlik tovarlar eksport qilingan. Fransiya (618,6 million dollar) ham yetakchi sheriklar qatorida bo‘lib turibdi.
Bundan tashqari, Birlashgan Arab Amirliklari (493,6 million dollar), Qirg‘iziston (371,3 million dollar), Tojikiston (338 million dollar) va Pokiston (267,9 million dollar) O‘zbekiston mahsulotlarining yirik xaridorlari sifatida qayd etildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, eksport hajmining keskin o‘sishi mamlakat ishlab chiqarish quvvatlari va tashqi bozordagi talabning ortishi bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonning oltin eksporti 69 foizga oshdi.